Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakultetida marhum, professor Orzimurod Rahmatullayev xotirasi yod olindi. 1943-2020-yillarda yashagan olim umrini ilm-fanga bag‘ishladi. Ustozning shu kunga qadar uch yuzga yaqin ilmiy maqolalari, besh monografiyasi va bir qator darslik qo’llanmalari fan uchun xizmat qildi. Orzimurod Rahmatullayev bakalavr va magistratura darajalari uchun ikki yuzdan ortiq hamda o’nga yaqin geografiya fanlari bo’yicha falsafa doktori va fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qilgan.

    - Samarqand geografiya maktabini rahmatli ustozimiz, professor Orzimurod Rahmatullayevsiz tasavvur qilish juda qiyin. Har jabhada o’rnak oladigan yetuk olim edi, - deydi geografiya va ekologiya fakulteti dekani, dotsent Aliqul Ravshanov. – Yetmish yetti yil umr ko’rgan bo’lsada yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida geografiya fani uchun ulkan natijalarga erishdi. Ko’p yillar mobaynida Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi geografiya ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash rahbari bo’lib faoliyat ko’rsatgan. Umrining so’nggi yillarida tabiiy resurslardan foydalanib, Samarqad shahridagi eng baland joy Cho‘pon ota tepaligini obodonlashtirish hamda turizm oqimini kuchaytirish loyihasi ustida samarali ishlarni amalga oshirmoqchi edi…

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan suratlar.