Kurash meni irodali, kuchli qilib tarbiyaladi…
Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Shohida Ahmedova. Erkin kurash sport turi bo‘yicha Yoshlar olimpiadasi hamda Osiyo chempionatida kumush medal sohibi. Yetti karra O‘zbekiston chempioni. 2016-yildan boshlab O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.
- Sportga yoshligimdan qiziqaman. Hozirda yigirma yoshdaman. Mana yetti yildirki, hayotim mazmuniga aylangan kurash bilan shug‘ullanaman, - deydi Shohida Ahmedova. – Ayniqsa ota-onam sport bilan shug‘ullanishimni doim qo‘llab-quvvatlagan. Ilk marotaba murabbiyim Salomat Ko‘chimova qo‘l ostida shug‘ullana boshlaganman. Hozirda bir qator yutuqlarga erishdim. Albatta bularning barchasiga ota-onam va murabbiylarimning hissasi juda katta. 2015-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatidagi ilk musoboqam kechagidek yodimda. O‘sha paytda natijasi nima bo‘lar ekan, g‘alabaga erisha olamanmi degan o‘y-xayol meni tashvishga solardi. Hattoki, bu tashvish menda kuchli qo‘rquvimga sababchi bo‘lgan. Tatamiga chiqar ekanman, ich-ichimdan g‘alaba qozonishimga ishondim va qo‘rquvdan asar ham qolmadi. Birin-ketin raqiblarim ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Bu mening sport faoliyatimni yanada shiddat bilan davom ettirishga undardi. Shu tariqa har yili o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionatida yuksak natijani qo‘lga kiritib keldim.
2017- yil Osiyo chempionatida (Tailand) musoboqa paytida yarim finalda kurash jarayonida belimdan qattiq jarohat olganman. Uchinchi o’rin uchun kechadigan bellashuvda jarohat sabab musoboqani davom ettirishimga murabbiylarim ruxsat bermagan. O‘griq tufayli yetti oy sport bilan shug‘ullanishga imkonim bo‘lmadi. Inson sportda doim g‘alabani emas, balki mag‘lubiyatni ham birdek tan olishi kerak ekan. Kurash meni irodali, kuchli qilib tarbiyaladi. Orzularimning ushalishiga sababchi bo‘ldi. 2018-yil Osiyo chempionatida (Toshkent) bo‘lgan musoboqada ikkinchi o‘rinni egallab, Argentinada bo‘lib o‘tadigan Yoshlar olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganman. Ushbu musoboqada esa, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, kumush medali sohibi bo‘ldim.
Sportda erishgan natijalarim sabab Samarqand davlat universitetiga byudjet asosida o‘qishga qabul qilindim. Bu yerda malakali mutaxassislar tomonidan nazariy va amaliy bilimlarni egallab kelmoqdaman. Hozirda kelasi yilda Xitoyda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik qilyabman. Hayotda o‘z oldimga ulkan marralarni zabt etishni maqsad qilganman. Jahon chempionati va “Parij-2024” Olimpida o‘yinlarida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqchiman.




Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi

