Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinovning “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyora” dostoni: an’ana va o‘ziga xoslik” (“Alisher Navoi’s Epic “Sab’ai sayyar” tradition and originality”) nomli monografiyasi Germaniyaning Lambert nashriyotida chop etildi.

    “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyora” dostoni: an’ana va o‘ziga xoslik” monografiyasi Muqaddima, Xulosa va Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan tashqari to‘rt mustaqil bobdan iborat. “O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida “Bahrom va Dilorom” syujeti”, “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyora” dostoni”, “Gʻaribiyning “Shoh Bahrom va Dilorom” dostoni”, “Sab’ai sayyora”ning nasriy varianti” hamda “Haft paykar” ‒ Ogahiy tarjimasida” o‘rtaga qo‘yilgan an’ana va o‘ziga xoslik (tajdid) masalasi atroflicha yoritilgan.

    Monografiya adabiyotshunoslikdagi qiyosiy-tipologik yo‘nalishning yorqin namunasi hisoblanadi. Chunki “Sab’ai sayyora” Sharq mumtoz adabiyotidagi sayyor syujet asosida bitilgan. Shuning uchun olim Navoiy dostonini Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Rizo Ogahiy asarlariga qiyosan tahlil etadi.

    Shubhasiz, bu nashr jahonning ko‘p tadqiqotchilari hamda ingliz tilini biladigan keng o‘quvchilar ommasining Alisher Navoiy ijodiga qiziqishini yanada oshiradi.

    Alisher Navoiyni jahonga tanitish uchun bir qator ishlar amalga oshirilishi kerak. Buning uchun uning asarlari turli tillarga tarjima qilinishi, xorijiy yurtlarda navoiyshunoslik rivojlanishi, taniqli navoiyshunoslarimizning tadqiqotlarini chet tillarda chiqarish zarur.

    Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Germaniya Federativ Respublikasidagi “Lam Lambert” (“LAM LAMBERT Academic Publishing”) nashriyoti o‘zbek navoiyshunosi ‒ filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Samarqand davlat universiteti professori Muslihiddin Muhiddinovning “Xamsa”larning ilk dostonlarida komil inson konsepsiyasi” monografiyasini chiqargan edi.

Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan surat.