Sizni tushunishlari uchun siz ham harakat qiling!

Xalqimizning “Gapni gapir uqqanga” degan ajoyib naqli bor. Suhbatni tabassum bilan boshlang, ismi bilan murojaat qilib xotin-qizlarga “xon”, “bonu”, erkak kishiga “jon”, “bek”, “boy” singari unga yoqimli eshitiladigan qo‘shimchalarni ishlating, ismini aytib chaqirish, bu insonning shaxs sifatida tan olishdir. Uning kichik muvaffaqiyati bo‘lsa ham olqishlang, xayrixohligingizni bildiring. Siz suhbatdoshingizni eng avvalo suhbatga tayyorlang, gap nima haqida ekanligini anglating, mohiyatini tushuntiring.
Agar suhbatdoshingiz nima haqida suhbat ketayotganligini yaxshi anglamasa, tushunib yetmasa, kutilgan natijaga erisha olmaysiz. Ba’zi bir insonlarga bir og‘iz so‘z kifoya, ba’zilariga esa uzoq tushuntirishga to‘g‘ri keladi. Siz shunday ish tutingki, ular sizni faqat shunchaki tinglamasinlar, balki eshitsinlar. Agar siz rahbar bo‘lsangiz boshqaruv muloqotini o‘zlashtirishingiz lozim. Boshqaruv muloqoti - bu odamlarga rahbarlik qilish maqsadidagi muloqot, ya’ni ular faoliyatini ma’lum yo‘nalishda o‘zgartirish yoki kerakli yo‘nalishda tashkil qilishdir.
Rahbar boshqaruv muloqotida o‘z qo‘l ostidagilar bilan quyidagi munosabatlarda bo‘ladi.
1) buyruq berish, nimanidir tavsiya qilish, maslahat berish;
2) bajarilgan ish haqida o‘z qo‘l ostidagilardan axborot olish;
3) qo‘l ostidagilarning berilgan topshiriqni bajarishlarini baholash.
Buyruq berish, topshiriq ijrosini tekshirish, hamda baholash, bu boshqaruv faoliyatining uch bosqichi bo‘lib, boshqaruv muloqotining uchta vazifasini aks ettiradi. Buyuruvchi axborot berish, teskari aloqa olish va baholov axborotini berish. Albatta rahbarlik faoliyati bu uchta vazifa bilangina chegaralanmaydi, lekin boshqaruv muloqotida ular yetakchilik qiladi. Yuqoridagi uchta vazifa ichida buyuruv axboroti berish vazifasi rahbarlik faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Samarali muloqot bu - kam vaqt va energiya sarf qilish, bu boshqalar sizning topshiriqlaringizni sidqidildan bajarishi, bu psixologiya fanini chuqur bilish demakdir. Shuning uchun boshqaruv muloqotining psixologik qonunlarini bilish maqsadga muvofiqdir.
Anglash - eshitish organlarini ishga solish, eshitish - o‘z diqqatini jalb qilish, miyani ishga solish. Bu esa - berilgan topshiriqni samarali bajarishdir.
Xizmatchilar o‘z boshliqlarini yaxshi tushunishlarida quyidagi 5 ta shart asosiy omil hisoblanadi:
- kasbning birligi;
- intellekt darajasini hisobga olish;
- axborotning to‘laqonliligi;
- bayon etishning mantiqqa muvofiqligi;
- diqqatning jamlanishi.
Tushunish - gapirayotgan odamning so‘z ohangiga bog‘liq. Agar topshiriq berayotganda qo‘l ostidagilarning tushunmayotganligi doimo ta’kidlab turilsa, qo‘pol ohangda gapirilsa, bunday rahbarni tushunish qiyin. Bu holda tinglayotgan odamning diqqati topshiriqning mazmuniga emas, balki, gapirayotgan odamning muomalasiga, o‘zini tutishiga jamlanadi.
Bunday sharoitda tinglovchida “Agar siz xotirjam gapirsangiz, yaxshiroq tushungan bo‘lar edim” degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Tinglovchi rahbarga hech narsa demagan holda ham, uni ko‘proq tushunishlarini xohlashi aniq.
Qo‘l ostidagilar o‘z rahbarlarini tushunganlarida ham, berilgan vazifalarini to‘la bajaravermaydilar. Masalan, aytaylik, qo‘l ostidagi odamlar ishga o‘z vaqtida kelish, yaxshi ishlash, ish vaqtida boshqa ishlar bilan shug‘ullanmaslik, topshiriqni o‘z vaqtida bajarish kerakligini yaxshi bilishadi. Shunga qaramay, har doim ham bunga amal qilavermaydilar.
Demakki, xodimlar rahbarni tushunsalar ham har doim u bilan kelisha olmaydilar. Xodim o‘z rahbarining topshirig‘ini faqatgina ichki e’tiqodlariga muvofiq kelgandagina, ya’ni topshiriqni bajarish zarurligini qalban his qilganidagina, uni astoydil bajariga kirishadi.
Har qanday sharoitda ham odamlar o‘zlariga yoqqan odamlar bilan muloqotga tez kirishadilar, aksincha, o‘zlariga yoqmagan odamlar nuqtayi nazardan kelishishlari qiyin. Bu “qonun” insonning o‘z hayotidan, tabiatidan uning psixologiyasining xususiyatlaridan kelib chiqadi. Inson uchun ma’naviy iqlim tabiiy jism iqlimidan ko‘ra muhimroqdir. Bu omilni qanday boshqarish, rahbarlik xizmatiga jalb qilish, rahbarlik muloqotida uni qo‘llash, yo‘l-yo‘riqlari haqida ko‘proq gap boradi.
“Oltin so‘zlar” usulidan ko‘proq foydalaning. “Oltin so‘zlar” iborasining sinonimi sifatida ko‘pincha “chiroyli”, “ta’sirchan”, “juda qimmatli” so‘zlar ishlatiladi, bir so‘z bilan aytganda bular kompliment deb yuritiladi.
Kompliment - bu insonning ijobiy sifatlarini bir oz kuchaytirib aytiladigan so‘zlardir. Shu bilan birga suhbatdoshlar o‘rtasidagi xizmat munosabatlarida attraksiyani shakllantirish ullaridan biridir. Inson o‘ziga qaratilgan komplimentni eshitganda unda ijobiy hissiyot uyg‘onadi. Agar kimgadir “Siz o‘zingiz aqllisizku”, “Siz kuchlisiz”, “Siz odamlarga juda yaxshi ta’sir kursata olasiz!” deb ta’kidlab tursangiz, agar bu xislatlar unda bo‘lmasa ham u odam o‘zining bu “qobiliyatini” yuzaga chiqarish, o‘zini sizga ko‘rsatishga harakat qiladi. Kompliment ta’sir mexanizmi asosida ishontirish psixologik mexanizmi yotadi. Ma’lumki, insonga orzularining ro‘yobga chiqishini ishontirish mumkin. Ishontirish bu orzularining sirtdan amalga oshishiga ishonishini orttirsa, bu asosiy ijobiy emotsiyalarining hosil bo‘lishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda inson bu borliqda mavjud ekan, tinimsiz atrofidagilar bilan muloqotda bo‘ladi, u istaydimi, yo‘qmi?!
Ba’zida yoqtirmagan kishisi bilan bir vagonda safarga chiqishi yoki hech qachon kelisha olmagan hamkasbi bilan bir xonada yillab ishlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Gohida ko‘rgani ko‘zi yo‘q odam bilan shartnoma tuzishiga ham to‘g‘ri kelib qoladi. Har nechuk ularni doim bo‘lmasada tez-tez uchratadi. Inson o‘z yaqinlari va do‘stlari bilan miriqib suhbatlashadi, bu shubhasiz. Ammo jamiyatdagi barcha shaxslar uning do‘stlari emas-ku! Ular bilan qanday suhbat qurish mumkin. Madaniyatli shaxs uchun bu hech qachon muammo tug‘dirmaydi. Muammo shundaki, jamiyatdagi turli tabaqadagi shaxslar bilan suhbat qurishning sanoqli qoidalari borki, uni hamma ham bilavermaydi va shu sabab katta-kichik ko‘ngilsizliklarga uchraydi. Ko‘p hollarda bunday insonlar nafaqat ko‘ngilsizlik, balki omadsizliklarga ham duch keladi. Bu achinarli holat, albatta. Inson bunday holatga hech qachon tushmasligi ham mumkin. Buning uchun turli insonlar bilan suhbatlashish jarayonida bir necha kichik qoidalarga amal qilsa bas:
Suhbatdoshingizga og‘ir botadigan, xafa qiladigan, noqulay vaziyatga solib qo‘yadigan, gapirishni istamaydigan mavzu bo‘yicha suhbatlashish mumkin emas.
Suhbatdoshingizga o‘zingizga ta’rif, tasnif berishdan, o‘z muammo va yutuqlaringiz haqidagi ma’lumotga e’tiborni kuchaytirishdan qoching. Suhbat chog‘ida o‘zingizni “men”ingizni markaziy joyga qo‘ymang, kamtar bo‘ling.
O‘zingizni fikringizni uqtirishdan oldin uyalib qolmasligingiz uchun hamsuhbatingizni ijtimoiy kelib chiqishi, shaxs sifatida aytilayotgan masala yuzasidan qanday ma’lumotga ega ekanligini bilib olgandan so‘ng suhbatga kirishing.
Suhbatdoshingizni hurmat qilishga o‘rganing, hatto uning fikrini siz noto‘g‘ri deb bilganingizda ham oxirigacha eshiting.
Boshqa insonlarni g‘iybat qilishdan, ularni muammosi haqida gaplashish ham axloqsizlik sanaladi.
Xullas, bu mavzuda juda ko‘p to‘xtalish lozim, chunki mazkur yo‘nalishda aholimizni, yoshlarimizni qadriyatlarimizni singdirishga o‘rgatish davr talabidir.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o’qituvchisi