Psixolog yordami
Savol:
Hamma narsa g‘ashimga tegayapti, hattoki yaqin do‘stim bilan birga yurish ham. Iloji boricha yolg‘iz qolsam deyman, ammo yolg‘izlik battar meni azoblayapti. Kayfiyatim tez tushib ketadi, nima qilsam bo‘ladi?
Anonim
Javob:
Yolg‘izlik o‘zini past baholaydigan, “men”i yuqori bo‘lmagan odamlarga xosdir. Ular ko‘p hollarda o‘zini hurmat qilishni ham bilishmaydi va bu holat stress, depressiyaga olib kelishi mumkin. Sizni yolg‘iz qolishni xohlashingizga, ayrim sabablar bo‘lishi mumkin: yaqinlarning yetishmasligi, xotiradagi muammolar, moliyaviy qiyinchiliklar, kasallik, qo‘rquv va bu omillar sabab, sizda kayfiyatingizni tez tushib ketishiga olib keladi. Muloqotdan qochasiz... Kim bilandir ochiq suhbatlashish siz uchun juda katta voqea. Ana undan keyin “Nega meni tushunishmaydi?” deb, xafa bo‘lasiz. Faollik kam, o‘z olamingizda yashaysiz. Bu ishingiz sizningcha to‘g‘ridir, lekin haqiqiy hayot tasavvuringizdan ancha farq qiladi. O‘zingizni qo‘lga oling. Qilsammikan emas, qila olaman deng. Kuningiz, hayotingiz qanday o‘tishi bu sizning tanlovingizga bog’liq. Bugun shunchaki xursandchilikni tanlang. Oila a’zolaringiz, do‘stlaringiz davrasida bo‘lishga intiling. Hatto qoqilib tushsangiz ham xursand bo‘ling, yurayotganingiz uchun shukrona ayting!
Sitora Ummatova
Samarqand davlat universiteti
Umumiy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi

