Samarqand davlat universitetida Oliy ta’lim muassasalarining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullari hamda tyutorlar uchun seminar tashkil etildi. Bunda yigirmaga yaqin oliy o’quv yurtidan uch yuzdan ortiq tyutor bilim va ko’nikmalarini oshirish uchun qatnashdi. Yig‘ilishda Ma’naviyat va ma’rifat markazi, oliy ta’lim muassasalari mutasaddi vakillari ma’ruzalari bilan qatnashdi.  

    - Bugungi kunda ilm-fan jadal taraqqiy etayotganligi tufayli turli fan sohalarida erishilgan yutuqlar tez yangilanib bormoqda, - deydi Samarqand davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektor, dotsent Zebiniso Rahmonova. - Oliy ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, yoshlarning intellektual salohiyati, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga qaratilgan talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongini kuchaytirish davr ehtiyojidan kelib chiqmoqda. Bugungi kunda yoshlarning ma’naviy olamini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi tyutor oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir. Yosh avlod tarbiyasi o‘ta dolzarb masala bo‘lib, u ta’lim-tarbiyada uzviylik, qat’iylik va talabchanlik, ishlashning zamonaviy, ta’sirchan usul va vositalarini talab etadi.

    - Guliston davlat universitetidan 8 nafar tyutor tashrif buyurganmiz. Ta’lim- tarbiya maslahatchilari uchun ilk marotaba tashkil etilgan o’quv seminar barchamiz uchun amaliy va nazariy ko’nikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, -deydi GulDU tyutori Ravshan Aliqulov. – Ikki kunlik seminarda uch yuz nafar tyutorlar bilan o’zaro fikr almashib, o’zimiz uchun yangi g‘oyalarni kashf etdi. Tyutorlik lavozimi ma’suliyatli kasb ekanligiga yana bir karra amin bo’ldim. Seminarni tashkil qilgani va mehmondo’stligi uchun Samarqand davlat universitetiga minnatdorchilik bildiraman.

    Shuningdek, dastur bo’yicha Samarqandning diqqatga sazovor jo‘ylari va muzeylarga sayohat uyushtirildi.