O‘zbekiston Respublikasi xalqaro Amir Temur jamoat fondi, Respublika madaniyat va ma’rifat markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda universitetimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.

    Anjumanni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali Sohibqiron hayoti va faoliyati, olib borgan buyuk islohotlari to‘g‘risidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan ochdi.

    Tadbir avvalida Sohibqiron tavalludi va Amir Temur jamoat fondining tashkil etilganligining 25 yillik bayrami munosabati bilan Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovga esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Samarqand davlat universiteti professorlari Ziyodulla Muqimov, Suyun Karimovlar ham ushbu esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

    Shundan so‘ng, konferensiyaning amaliy qismiga navbat berilib, Respublika xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi Muhammad Ali “Amir Temur va Yildirim Boyazid munosabatlari” mavzuida ma’ruza qildi. Yozuvchi ma’ruzasida ikki buyuk turkiy davlat arboblarining davlatchilik tariximizdagi muhim o‘rni va ahamiyatini e’tirof etdi. Shuningdek, noyabr oyida Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov boshchiligidagi universitet delegatsiyasining Anqara Yildirim Boyazid universitetiga tashrifi chog‘ida ikki tarixiy shaxs uchrashgan maydonida barpo etilayotgan “O‘zbekiston xiyoboni”ga ilk daraxt o‘tqazganlirini alohida ta’kidladi.

    Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziev “Amir Temur – ilm-fan homiysi” mavzusida o‘z fikrlarini bildirib, bugungi kunda yurtimizda Sohibqiron nomini abadiylashtirish yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlarni aytib o‘tdi.

    Shuningdek, tadbirda so‘z olganlari “G‘arb adabiyotida Amir Temur obrazi”, “Temuriylar davri renessansi”, “Amir Temur hamda Temuriylar davlati va huquqi”, “Amir Temur haqida xorijlik allomalarning fikri” mavzularida o‘z fikrlarini bildirib, ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.