Aldanganmisiz?
Keling, avvalo, ushbu so‘zning mohiyatini yoritishdan oldin aldash nima ekanligini aniqlab olamiz. Aldash – bu shaxsning o‘z manfaati uchun boshqa odamlarni chalg‘itishi yoki o‘zini birovning tajovuzkorligidan himoya qilish uchun haqiqatni ataylab buzishidir. Boshqacha qilib aytganda, u mudofaa va hujum quroli, shaxs, guruh, xalq, sinf va davlatlarning manfaatlarini himoya qilish va qiziqishlarini amalga oshirish vositasidir. Aldash va yolg‘on o‘rtasidagi farqga kelsak, yolg‘on bu o‘rtacha darajada zararsiz, tasodifiy, ahamiyatsiz, beixtiyor va hatto majburan ham aytilgan bo‘lishi mumkin. Aldash esa har doim ataylab rejalashtirilgan va odatda ko‘proq tajovuzkor xarakterga ega bo‘ladi. Shunday ekan, aldanayotgan odamni qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi nuqtai-nazaridan aldash, yolg‘ondan dahshatliroq va xavfliroqdir. Bundan tashqari, aldash ancha rivojlangan aql mahsuli bo‘lib sanaladi, yolg‘on esa kamroq aqliy, tabiiyroq, ibtidoiy, sodda va shuning uchun ham zararsizdir.
Sizni aldagan insonlarga va umuman aldashga qanday munosabatda bo‘lishingiz kerak? Avvalo, bu holatga yengil qarash va xotirjam bo‘lishga harakat qilish kerak. Asabiylashish, xafa bo‘lish, jahllanish, tushkunlikka tushish sizga hech qanday foyda bermaydi. Esingizda bo‘lsin, siz bilan hech kim, hatto yaqinlaringiz ham haqqoniy va shaffof munosabatda bo‘lishga majbur emas. Agar bolaligingizdan sizni aldash yomon deb o‘rgatgan bo‘lishsa, sizni hech qachon bunday qilmaslikka o‘rgatgan bo‘lishsa, birinchidan, bu aldash haqiqatan ham yomon degani emas. Bizning dunyomizda aldovlardan qochib bo‘lmaydi. Savol shundaki, bu kimni, qanday va nima maqsadda aldashingiz, ikkinchidan, bu boshqa odamlarga ham xuddi siz kabi aldov yomon deb o‘rgatilgani emas. Boshqa odamlarni, aksincha, aldashga o‘rgatgan bo‘lishlari mumkin va hattoki juda mohirlik bilan. Shuning uchun, agar siz aldangan bo‘lsangiz, o‘zingizni aldangan deb o‘ylash va aytishning hojati yo‘q. Aslida o‘zingizni aldashlariga o‘zingiz ruxsat berdingiz. Ha, buning uchun boshqalarni emas, o‘zingizni ayblashingiz kerak. Aynan shu tomondan siz bu holatga yaqinlashishingiz darkor. Kimdir sizni aldagan deb o‘ylasangiz, unda yolg‘onni tan ololmaysiz va buning uchun javobgarlikni boshqa odamlarga yuklaysiz. Xo‘sh, shunday ham qildingiz deylik. Endi bu odamlardan nimani kutyapsiz? Faqat siz xohlaganingiz uchun endi ular menga nisbatan halol bo‘lishadi, ularni o‘zgartira olaman deb o‘ylayapsizmi? Yo‘q. Siz ham, men ham bu holat sodir bo‘lmasligini juda yaxshi bilamiz. Ammo, o‘zingizni o‘zgartirishga qodirsiz, buning uchun atrofdagilar tomonidan aldanib qolishga yo‘l qo‘yib berganingizni tan olsangiz kifoya. Bu sizga aldov ilmini tushunishni boshlash uchun yetarli. Siz qandaydir tarzda yashashingiz kerak. Axir, boshqa odamlar siz uchun o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmaydilar. Ular birinchi navbatda o‘zlari haqida o‘ylashadi va ular odamlarni qanday aldashni bilsalar, albatta bu mahoratdan foydalanadilar. Buning uchun ularni ayblash ahmoqlikdir. Hayotim davomida men ko‘p marta amin bo‘ldimki, ba’zi odamlar boshqalarga nisbatan ustunlik qiladi. Yolg‘on gapirish, jang qilish qobiliyati, jamiyatda yuqori mavqega ega bo‘lishda ulardan o‘z manfaati uchun foydalanadilar, ya’ni o‘z ustunliklarini suiste’mol qiladilar. Jismonan baquvvat odam o‘z kuchini boshqa odamlarni o‘ziga bo‘ysundirish uchun ishlatadi. Yolg‘onchi o‘z manfaati uchun aldaydi. Ma’lum bir lavozimni egallagan kishi shaxsiy manfaat olish uchun o‘z lavozimini suiste’mol qiladi. Bu insonning tabiati, buni tushunishimiz kerak. Buni tushungan holatda esa, ertaga bizdan foydalanmasliklari, aldanib qolmaslik uchun, bu holatga tayyor turishimiz lozim.
Dilfuza Jo‘raqulova
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi

