Zuhra Usmonova: “Hayotimni rang-tasvirsiz tasavvur qila olmayman”…
Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Zuhra Usmonova. Uch yuzga yaqin san’at asarlari bor, noyob istedod egasi.
- Men sog‘lom farzand bo‘lib dunyoga kelganman. Yoshligimdan surat chizishga juda qiziqaman. Ishonasizmi? Hayotimni rang-tasvirsiz tasavvur qila olmasam kerak, - deydi Zuhra Usmonova. - O‘n to‘rt yoshimgacha qo‘llarim bilan chiza olardim…Ma’lum bir sabablarga ko‘ra qo‘llarim o‘zimga bo‘ysunmay qoldi. Ilojim qancha, bu to‘xtalib qolmadim. Albatta, hayotda hamma uchun berilgan sinov bo‘ladi. Shuningdek, bu ham men uchun berilgan sinov ekan. Qaysidir kinoda ko‘rib qolgan edim, nomini eslolmayman. Juda bir katta istedod egasi bo‘lgan musavvir bola o‘ng qo‘lida ajablantiruvchi suratlar chizardi. Lekin, bu bolaning iqtidorini ko‘rolmay o‘ng qo‘lini mayib qilishgan. Mening qahramonim bu bilan to‘xtalib qolmay, boshqa mamlakatda chapaqay rassom borligini eshitib, unga shogird turish uchun yetib boradi. Ijod sirlarini o‘rganib, buyuk musavvir bo‘lib yetishdi… Shu kinodan ta’sirlanib men ham oyoq bilan chizishga qaror qildim. Boshida juda qiyin bo‘ldi, hattoki ichimda yig‘lardim. Yaqinlarimning, ota-onamning daldasi bilan bularning barchasini yengib o‘tdim. Ijodkorda xohish bo‘lsa bas, har qanday qiyinchilikni yengib o‘tarkan. Bu natijalarga sabr bilan erishdim. 2019-yil Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetiga o‘qishga kirdim. Bu yerdagi mutaxassis o‘qituvchilar tomonidan ham nazariy, ham amaliy bilimlarni egallab kelmoqdaman. Bundan tashqari bo‘sh vaqtlarimda kitob mutola qilishni, shashka o‘ynashni, qolaversa, zakovat o‘yinlarini doimiy kuzatib boraman. O‘z oldimga ulkan marralarni zabt etishni maqsad qilganman. Nafaqat, O‘zbekistonda, balki Jahon bo‘ylab o‘z ko‘rgazmalarimni namoyish etmoqchiman. Shuningdek, o‘z musavvirlik maktabimni shakllantirib, yetuk shogirdlarni tayyorlamoqchiman.






Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Shavkat Akramov olgan suratlar.

