Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Shahboz Po‘latov. Osiyo va O‘zbekiston chempioni. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.

    - Men qashqadaryolikman. Azaldan bizning yurtimiz polvonlari bilan mashhur, ayniqsa kurashga bo‘lgan e’tibor o‘zgacha, - deydi Shahboz Po‘latov. - O‘n bir yoshimdan beri dzyudo sport turi bilan shug‘ullanaman. O‘zimdagi qat’iyat sabab, ushbu sportga kirib kelganman. Kurash bizning qonimizda bor. Ilk marotaba 2013-yilda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida bronza medal sovrindori bo‘lganman. Bu kunga qadar bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritganman. Xususan, Osiyo (Livan) chempioni, Osiyo o‘yinlari kubogi sohibi, to‘rt karra O‘zbekiston chempioni bo‘lganman.

    2018-yil Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at (jismoniy madaniyat) fakultetiga o‘qishga kirdim. Malakali mutaxassislar tomonidan ham nazariy, ham amaliy bilimlarni egallab kelmoqdaman. Boshqa sohalar qatori sportda ham ko‘plab qiyinchiliklar mavjud. 2019-yilda Jahon chempionatiga tayyorgarlik paytida qattiq jarohat olganligim sababali olti oy tanaffus qilishga majbur bo‘ldim. Shu sabab chempionatda ishtirok etolmadim.  Bu bilan hayotim to‘xtab qolmaydi. Olg‘a qadam tashlashda davom etaman. Sport kuchli va irodalilar uchun. Oldimda ulkan maqasadlarni qo‘yganman va albatta bularning barchasiga erishishimga ishonaman.

Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan surat.