Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi Nuriniso Usmonova: “Gimanastika maktabimga asos solib, jahon arenalarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan munosib sportchilarni tayyorlamoqchiman” …

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Nuriniso Usmonova. Badiiy gimanastika bo‘yicha 3 karra Osiyo chempioni. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.
- Yoshim yigirmada. To‘rt yoshligimdan boshlab badiiy gimnastika bilan shug‘ullanaman. Bobomning tavsiyasiga binoan ushbu sport turini tanlaganman, - deydi Nuriniso Usmonova. - Yelena Asalanova murabbiyligi qo‘l ostida bir qator yutuqlarga erishganman. Ketma-ket yetti yil viloyat chempionatida faxrli o‘rinlarni yegallaganman. Yigirma marta O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.
Bilasizmi, ba’zi tanishlarimdan “sport bilan shug‘ullanish qizlarga emas, boshqa sohani tanla”, degan gaplarni ko‘p marotaba eshitganman. Bu kabi gap so‘zlar meni g‘azablantirsada, e’tibor qilmay o‘z yo‘limdan ketishda davom etganman. Esimda, 2017-yilda muhim musoboqaga tayyorgarlik qilayotgan edim. Mashg‘ulot paytida oyog‘imdan qattiq jarohat oldim. Og‘riq sabab, olti oy sportdan chekinishga majbur bo‘ldim. Shunchalik tushkunlikka tushdimki, endi sportga qayta olmasam kerak degan xavotirlar tinch qo‘ymasdi. Oilam va ustozlarim daldasi ostida bu tushkunlikdan chiqishga va sportga qaytishga o‘zimga iroda topa oldim. Men uchun qiyin bo‘lgan bo‘lsada, shiddat bilan shug‘ulana boshladim. Chunki oldimda ulkan maqsadlarim bor edi.
Qozog‘iston, Malayziya Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. 2019-yilda Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at (jismoniy madaniyat) fakultetiga o‘qishga kirdim. Amaliyot bilan birga nazariyani ham egallay boshladim. 2020-yil mening hayotimda tub burilish yuz berdi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim.
Hozirda mashg‘ulotlar bilan birgalikda 10 nafar yosh gimnastikachi qizlarni shug‘ullantiryapman. Shogirdlarim O‘zbekiston yoshlar o‘rtasidagi chempionatda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Men o‘z oldimga ulkan maqsadlarni qo‘yganman. Gimanastika maktabimga asos solib, jahon arenalarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan munosib sportchilarni tayyorlamoqchiman.
Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

