Amerika Qo‘shma Shtatlarining agrar ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olish imkoniyatlari muhokama qilindi
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetida AQShning Yuta davlat universitetidan tashrif buyurgan mutaxassislar professor Paul Rojers va Anne Hedrik bilan fakultet talabalari o‘rtasida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu tadbirda Yuta davlat universitetida mavjud agrar ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, ularda tahsil olishning imkoniyatlari hamda afzalliklari talabalarga yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, universitetdagi o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayonlari hamda talabalar hayotidan lavhalar ko‘rsatildi.
Tadbir davomida AQSh universitetlarida, xususan Yuta davlat universitetida tahsil olish uchun mavjud grantlar va dasturlar, ularni qo‘lga kiritish bo‘yicha aniq yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berildi.
- Talabalarning agrar sohaga bo‘lgan qiziqishlarining ortayotganligi, ingliz tilini mukammal o‘rganib, Yuta davlat universitetida o‘qish istagini bildirganlari meni quvontirdi. O‘ylaymanki, ular orasidan O‘zbekiston agrar sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadigan ko‘plab yetuk mutaxassislar yetishib chiqadi, biz esa bu yo‘nalishda hamkorlikka tayyormiz, - deydi Yuta davlat universiteti professori Paul Rojers.
Tadbirda ishtirok etgan barcha talabalarga Yuta davlat universitetining esdalik sovg‘alari topshirildi. Mehmonlarning chiqishlari talabalarning o‘z ustida ishlashlari va bilim olishlariga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada oshirdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.