Samarqand davlat universitetida kasbiy-ijodiy imtihonlar davom etmoqda…

Samarqand davlat universiteti rang-tasvir dastgohi kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Imtihonning birinchi bosqichida abituriyentlar portret chizishdi. Bunda dastur bo‘yicha belgilangan vaqt ikki soat-u qirq daqiqani tashkil etadi. Har bir abituriyent uchun dastgoh va chizish qurollari ajratilgan.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar dastur asosida ijodiy mavzuda o‘zlarining kompozitsion bilimlarini sinovdan o‘tkazishadi. Abituriyentga erkin mavzu beriladi. Ular bu bo‘yicha mahoratlarini namoyish etadi.
Ijodiy imtihonni shaffofligini ta’minlash uchun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti professori Aslidin Kalonov, katta o‘qituvchi San’at Kenjaev, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi Ibrohim Yo‘ldoshevlar taklif etilgan.
-Ijodiy imtihonlarda abituriyentlar uchun barcha imkoniyatlar mujassam,- deydi komissiya raisi, professor Aslidin Kalonov. – Imtihon jarayonida ko‘rib turibmizki, iqtidorlilar talaygina. Ijodiy imtihon natijalari bugunning o‘zida e’lon qilinadi.










Kasbiy ijodiy imtihonlar shuningdek, Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida kurash sport ta’limi yo‘nalishida ham bo‘lib o‘tmoqda. Unda abiturientlar turgan joyida yiqilish, o‘ng, chap, orqaga yiqilish, yelka, beldan, yengi va yoqasidan oshirib tashlash usullarida o‘z jismoniy mahoratlarini ko‘rsatishmoqda.
-Ijodiy imtihonda ota-onalarning vakili sifatida qatnashyapman, - deydi abiturientning otasi To‘lqin Anorov.- Bu yilgi jarayonlar har yilgisidan mutlaqo farq qiladi, chunki tekshiruvchilar, komissiya a’zolari boshqa oliy ta’lim muassasidan. Meni quvontirgani shuki, kasbiy ijodiy imtihon topshirgan har bir abiturientning natijasi shu paytning o‘zida baholanib, ma’lum qilinmoqda.




Behruz ShAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar

