Xotira xiyoboni

Yonimizdagi, yodimizdagi inson...
O‘lim haq. Kelish bo‘lganidek, ketish ham muqarrar. Yonimizdagi inson lahzalar ichida, yodimizdagi insonga aylanadi. “Kecha ko‘rgan edim”, “bir soat oldin gaplashdim”, ”ertaga uchrashmoqchi edim”...Ming afsus. U inson endi yo‘q. Faqat xotiralar bor. “Olloh rahmatiga olsin”, “Joylari jannatdan bo‘lsin”, “Yaxshi inson edi”...
Samarqand davlat universiteti noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi mudiri, kimyo fanlari nomzodi, dotsent Ziyodullo Normurodov 63 yoshida vafot etdi. Olim 1975 yildan to umrining oxirigacha SamDU da o‘qidi, turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Kimyo fakulteti dekani, kafedra mudiri vazifalarida sidqidildan mehnat qildi. O‘nlab shogirdlar tayyorladi. Yuzlab ilmiy ishlari chop etildi.
Ziyodullo Normurodov butun hayotini ilm-fanga, ta’lim-tarbiyaga, oliy ta’lim rivojiga bag‘ishladi. Qadrdon do‘st, aziz ustoz, mehribon muallim, fidoyi olim Ziyodullo Normurodovning porloq xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi.
Samarqand davlat universiteti jamoasi Ziyodullo Normurodovning oila a’zolariga, yaqinlariga sabr tilaydi, chuqur ta’ziya bildiradi.

Noryigit Musulmonov,
Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti dekani,
texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar

