Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan “Bilimlar kuni” ma’rifiy tadbiri yurtboshimizning tashabbusi bilan barpo etilgan talabalar turargoxi sahnida tashkil etildi. Erta tongdan bayramona bezatilgan mahobatli maydonga talabalik baxtiga muyassar bo’lgan yigit-qizlar, ularning ota-onalari, professor-o’qituvchilar, tadbir tashkilotchilari bilan gavjum bo’ldi.

  Tantanali tadbirni universitet rektori, professor Rustam Xalmuradov kirish so’zi bilan ochar ekan, barchani yangi o’quv yili boshlanishi bilan qizg’in muborakbod etdi.

  “Bilimlar kuni”da ishtirok etgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Prezidentimizning ta’lim sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori, yaratilayotgan barcha sharoitlar xususida to’xtalar ekan, o’z navbatida talaba-yoshlar ham o’zlarining namunali xulqi va bilimi, faolligi bilan javob qaytarishlarini ta’kidlab o’tdi.

  Dorulfununning shonli o’tmishi, bugungi nufuzi, qutlug’ dargoh jamoasi oldidagi bugungi ustitvor vazifalar xususida “O’zbekiston qahramoni”, “Nuroniy” jamg’armasi viloyat bo’limi boshlig’i Hasan Normurodov, O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi rahbari Farmon Toshev, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiyi, professor Mavlon Jo’raqulov, navoiyshunos olima Dilorom Salohiy, “Yil talabasi” Respublika ko’rik-tanlovi g’olibi Hulkar Xudoyberdiyevaning chiqishlarida mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

  Tadbirdan so’ng, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va hamrohlari 200 talaba o’rniga ega universitet talabalar turargoxidagi shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Viloyat rahbari hamda universitet rahbariyati bilan bo’lib o’tgan qisqa muloqotda oliy o’quv dargohlari hamda umumta’lim maktablarining uzviy aloqasini yanada mustahkamlash, yangi o’quv yilidagi dolzarb vazifalar va qimmatli fikr-mulohazalar o’rtaga tashlandi.

SamDU matbuot xizmati