Samarqand davlat universiteti olimlari, xitoylik hamkorlari bilan

Mo‘ynoq va Qorako‘l tumanida tajriba maydonlari tashkil etdi

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Orolbo‘yi hududidagi ekologik fojiaga butun jahon hamjamiyatini e’tiborini qaratgan edi:

  Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri – global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda. Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi...

  Prezidentimizning ushbu taklifi asosida BMT maxsus rezolyusiya qabul qildi. Hozirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilga qadar barqaror rivojlanishga erishish rejasi asosida Xitoy Fanlar Akademiyasi Shimoliy-G‘arbiy Ekologiya va atrof muhit resurslari instituti va Samarqand davlat universitetining bir guruh olimlari hamkorlikda cho‘llanishni keskin qisqartirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Tadqiqot doirasida Qorako‘l va Mo‘ynoqda tajriba maydonlari tashkil etilgan.

   Orol dengizi mintaqaviy ekologik muhiti iqlimga, iqtisodiyot va inson salomatligiga katta zarar yetkazmoqda. Bu insoniyat duch kelayotgan umumbashariy muammodir. Ushbu global muammoni hal etishda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

   Amudaryo havzasidagi cho‘llanishning hozirgi holati bo‘yicha olib borilgan dala tadqiqotlari natijasida ushbu guruh cho‘llanish darajasining miqdoriy indeks tizimini yaratdi. Ilmiy jihatdan olib qaraganda, cho‘llanish zonalari degredatsiya (inqiroz, tanazzul) darajasiga ko‘ra yengil, o‘rtacha, og‘ir va o‘ta og‘ir kabilarga bo‘linadi.

   Amudaryo havzasining 1990-2015-yillarda cho‘llanishini tadqiq qilish maqsadida, dastlab, zamonaviy texnologiyalar orqali so‘nggi 30 yil ichida havzada cho‘llanishning vaqt va fazoviy o‘zgarish xususiyatlari va sabablari ilmiy tahlil qilindi. O‘simliklar qoplamining barqarorligi va fazoviy differensiyasi muhokama etildi. Tadqiqotning yuqoridagi natijalari asosida cho‘llangan va sho‘rlangan yerlarni ekologik tiklash bo‘yicha chora tadbirlar ishlab chiqishda innovatsion modellarning ilmiy jihatdan muhimliligi alohida ta’kidlandi.

   O‘zbekistonda cho‘llanish 1990-yillardan boshlab sezilarli darajada oshib borgan. 1990-yildan 2015-yilgacha cho‘llanish maydonining dinamik o‘zgarishi (cho‘l, sho‘r-gidroksidli yerlar, cho‘l va cho‘lga aylangan yerlarni hisobga olgan holda) mos ravishda 64,66 foizdan 73,16 foizga oshdi. Buning natijasida hosil bo‘lgan cho‘l maydonlari, asosan, Amudaryo havzasi va Orol dengizi mintaqasiga to‘g‘ri kelmoqda.

   1990-yildagi yengil, o‘rtacha va og‘ir cho‘llanish zonalari sezilarli darajada "o‘sish" tendensiyasini ko‘rsatdi. Dastlabki yillarda 15,9 ming km2 dan 21,1 ming km2gacha bo‘lsa, 2000-yilda 21,4 dan 25,0 ming km2gacha o‘sganligi qayd etildi. 2015-yilga kelib, o‘ta og‘ir cho‘llanish hududlari "sekinlashuv" tendensiyasini ko‘rsatgan. Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi yerlarining cho‘llanishi asta-sekin ustun bo‘lib, 2010-yildan 2015-yilgacha bo‘lgan besh yil davomida ularning cho‘llanish maydoni 10,5 dan 31,8 ming km2 gacha ikki baravarga oshgan. Shu sababli cho‘llanish holati tobora yomonlashib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlarining cho‘llanishi suv tanqisligi yoki sug‘orish tizimidagi muammolarga chambarchas bog‘liqdir.

   1990-yildan 2010-yilgacha o‘simliklarning beqaror maydonlari 391,6 km2dan 572,0 ming km2 oshgan bo‘lsa, 2010-yildan 2015-yilgacha 755,0 ming km2ga o‘zgardi. 25-yil ichida beqaror yer maydoni 18,2 ming km2 ga oshdi. Cho‘llanish xavfi sezilarli darajada ortdi. O‘simliklar qoplamining inqirozi fazoviy geterogenlikni ko‘rsatayotganligi aniqlandi.

   Fazoviy miqyosda Amudaryo havzasining quyi oqimidagi o‘simliklar qoplamining potensiyali daryoning o‘rta oqimiga qaraganda yaxshi. Vaqt shkalasi bo‘yicha o‘simliklar qoplamining umumiy potensiyali 1990-yilga nisbatan baland bo‘lgan. 2010-yilda o‘simliklar qoplamining potensiyal imkoniyati sezilarli darajada kamaydi. Shu sababdan keng miqyosda butalar orqali o‘simliklar qoplamini tiklash va uni amalga oshirish yaroqsiz holatga keldi. O‘simliklar qoplamini tiklashda gulli o‘t-o‘simliklar va sporali o‘simliklar muhim ahamiyat kasb etib bordi. Bundan tashqari butalar, gulli o‘t-o‘simliklar, tuban hamda yuksak sporali o‘simliklar (Cryptogamae) kombinatsiyasi bilan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish imkoniyatlari taklif sifatida ilgari surildi.

   Cho‘llanish darajasi, fazoviy taqsimoti va kuchli omillar farqini hisobga olgan holda olimlar eksperimental kuzatuv maydonini tashkil etdi. Eksperimental platforma orqali, cho‘llangan va sho‘rlangan yerlarning vegetatsiyasi, geografiyasi, ekologik tiklanishi, tuproqni yaxshilash va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar olindi. Bu orqali, o‘simliklar qoplamini tiklash ko‘zda tutilgan. O‘simliklar jamoasini rekonstruksiyalashda qumli cho‘lda o‘sadigan kserofit va sho‘r muhitdagi galofitlarning genetik resurslari (gen va urug‘ banki) muhim ahamiyat kasb etadi. Bu asosiy texnologiyalarni tadqiq etish, ishlab chiqishda ekologik qiyosiy tajribalarni har tomonlama tahlil qilish orqali amalga oshiriladi. Cho‘llanish va sho‘rlanishni ekologik tiklash, texnologiyalar tizimini to‘liq, samarali qo‘llash orqali atrof-muhitni muhofaza qilish ko‘zda tutilmoqda.

  Samarqand davlat universiteti xitoylik hamkorlari bilan Qorako‘l va Mo‘ynoq tumanlarida tajriba maydonlari tashkil etgan. U orqali, cho‘llangan va sho‘rlangan yerlarni qayta tiklash hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Hozirda tadqiqot guruhi tanazzulga uchragan cho‘l maydonlarini tiklash bo‘yicha eksperimentlar, monitoring va texnik integratsiyalar orqali “optimal ekologik tiklash” tizimini o‘rganmoqda.

He Mingzhu - Xitoy Fanlar Akademiyasi Shimoliy-G‘arbiy Ekologiya va atrof muhit resurslar instituti professori.

Muxtor Nasirov – Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori,

Toshpo‘lat Rajabov – agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani,

Akbar Axmedov – agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti o‘qituvchisi, tadqiqot koordinatori