16 oktyabr – Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi kuni. Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan fan arbobi K.R.Rahimovning 90 yilligiga bag’ishlangan “Oziq-ovqat xavfsizligi: Milliy va global omillar” mavzusida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar oziq-ovqat mahsulotlari ko’rgazmasi bilan tanishishdi.

  Anjumanni SamDU rektori, professor Rustam Xalmuradov olib borib, mazkur xalqaro anjumanning maqsadi va ahamiyati xususida to’xtalib o’tdi.

Konferensiya ishida Xitoy, Rossiya, AQSh, Italiya, Bolgariya, Qozog’iston, Qirg’iziston kabi xorijiy davlatlardan 10 dan ortiq soha mutaxassislari, jumladan, BMTning “Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi” tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha mas’ul xodimi Guxer Shunger, Italiyadan BMT “Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotining Qishloq xo’jaligi siyosati bo’yicha katta maslaxatchisi D.Kinlay, AQShning “VetVittles” kompaniyasi rahbari, akademik E.G.Gurman, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi L.Gromova, BMTning “Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi” tashkilotining O’zbekistondagi vakili Alisher Shukurov va boshqalar ishtirok etdi.

  Xalqaro konferensiyada viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi va qatnashchilarga minnatdorchilik izhor qildi.

  Konferensiyada oziq-ovqat xavfsizligining milliy va xalqaro me’yorlari, mahsulotlarning sifati, qayta ishlash va ozuqalarni biologik qiymatini saqlash masalalari, ekologik va oziq-ovqat xavfsizligi muhokama qilindi.

   Konferensiya ertaga o’z ishini davom ettiradi.

SamDU matbuot xizmati.