Nodira Nurullayeva “Jing‘il (Lycium L.) turkum turlarining morfobiologiyasi va foydalanish istiqbollari” mavzusida dissertatsiya ishi olib bormoqda. Ilmiy rahbari biologiya fanlari doktori, professor Xislat Xaydarov. Olib borilgan tadqiqot ishlari asosida bir qancha maqolalari Scopus, Web of sciense kabi nufuzli bazalarda indekslangan jurnallarda chop etilgan. U xorijiy va respublika konferensiyalarida 15 ga yaqin ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashgan.
  Nodira Nurullayevaning dissertatsiya ishi Lycium L. turkum turlarini o‘rganishga qaratilgan. Mazkur turkumning bir qancha turlari 2000-yildan buyon Xitoy tabobatida ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llanilib kelinadi. So‘nggi yillarda esa xorijlik olimlar tomonidan turkum turlari bo‘yicha bir qator tadqiqotlar olib borilmoqda va jahon bozorida ushbu o‘simliklarning mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda.
  Lycium L. turkumi turlari bo‘yi 1-6 m gacha yetadigan, tikanli buta o‘simliklardir. Asosan tibbiyotda ildizi, barglari va mevalaridan foydalaniladi. Qadimgi Xitoyda turkum turlari “Goji” deb atalgan va mevalari umrni uzaytiruvchi, yoshartiruvchi vosita sifatida iste’mol qilingan. Bugungi kunga kelib Xitoyning bir necha provinsiyalarida ushbu o‘simliklarning yirik plantatsiyalari tashkil etilgan. Masalan, birgina Lycium barbarum L. turining quritilgan mevalari boshqa mamlakatlarga yiliga 95 000 tonnagacha eksport qilinadi. Mazkur turlardan tibbiyotda, kosmetologiyada va oziq-ovqat sanoatida keng foydalaniladi.
  Jing‘il turkumi turlari jigar va buyrak, ko‘z kasalliklari, qandli diabet, gipertoniya va hozirgi kunda ko‘payib borayotgan xavfli o‘sma xastaliklarini oldini olish hamda davolashda foydalaniladi. Ayrim turlari antioksidantlik xususiyati tufayli qarishni oldini oluvchi, yoshartiruvchi vosita sifatida ham keng qo‘llaniladi. Yuqori dorivorlik xususiyatlariga qaramasdan O‘zbekistonda mazkur turkum turlari bo‘yicha yetarli ilmiy tadqiqotlar olib borilmagan. Bu esa dissertatsiya mavzusining dolzarbligini yanada oshiradi.
  - Olib borayotgan tadqiqot ishim respublikamizda alohida etibor berilayotgan dorivor o‘simliklarni yetishtirish, farmaseftika sanoatiga xomashyo bazasini yaratishda amaliy ko‘mak bera oladi deya o‘ylayman, - deydi Nodira Nurullayeva. - Lycium L. turlarining biomorfologiyasini o‘rganish, ko‘paytirish, ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida yetishtirishga amaliy tavsiyalar ishlab chiqishni maqsad qilganman.
  Ma’lumot uchun, tadqiqotchi o‘z loyihalari bilan bir nechta tanlovlarda ishtirok etib, diplom va sertifikatlarga ega bo‘lgan. Shuningdek, “O‘zbekiston xotin-qizlarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida “Eng samarali innavatsion loyiha” sifatida e’tirof etilgan.

Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.