Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti optimal boshqaruv usullari kafedrasi mudiri, dosent Sahobiddin Axatqulovga Malayziya Milliy universiteti tomonidan berilgan PhD falsafa doktori ilmiy darajasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan DSc fan doktori ilmiy darajasiga tenglashtirildi.

  Malayziya Milliy universiteti, jahon universitetlari xalqaro reytingida 141-o‘rinni egallagan.

   Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi to‘g‘risidagi farmonida xorijning nufuzli universitetlarida, ilmiy darajaga ega bo‘lgan, talabgorlarning ilmiy darajasini tan olish to‘g‘risida band mavjud. Unga ko‘ra: xalqaro reytinglarda birinchi 300 talikka kiradigan oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan falsafa doktori PhD yoki fan doktori DSc ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida fan doktori DSc sifatida to‘g‘ridan- to‘g‘ri tan olinishi va nostrifikasiya qilinishi belgilangan.

   Sahobiddin Axatqulov Samarqand davlat universiteti mexanika-matematika fakultetini bitirgan. Gʻarbiy Chexiya universiteti magistranti. 2007-2012 yillar Chexiya Respublikasida matematika fanidan dars bergan. Malayziya Milliy universitetining tayanch doktoranturasida o‘qigan. 2015 yilda “Sinish va kritik tipdagi maxsuslikka ega bo‘lgan aylana akslantirishlari dinamikasi” mavzusida dissertasiya ishini himoya qilgan. PhD ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. 2015-2017 yillarda shu universitetda ilmiy tadqiqotchi (Post doctoral researcher) sifatida faoliyat olib borgan. 2017 yildan Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakultetining optimal boshqaruv usullari kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dosent, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Sahobiddin Axatqulovning amaliy matematika sohasi dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 30 ga yaqin ilmiy maqolalari xorijdagi nufuzli jurnallarda chop etilgan. Shundan 17 tasi Scopus va Web of Science ilmiy bazalarida e’tirof etilgan. U chex, ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

  -Samarqand davlat universiteti bugungi kunda jahonning 160 dan ziyod oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan-, deydi Sahobiddin Axatqulov. -Buning natijasida Samarqand davlat universitetida dunyoning ilg‘or faniga integrasiya jarayonlari jadal bormoqda. Biz nafaqat o‘rganayapmiz balki, ba’zi bir sohalarda o‘z tajribamizni namoyish ham etayapmiz. Keyingi besh yilda O‘zbekiston ilm-fan mamlakatiga aylandi. Prezidentimizning e’tibor va g‘amxo‘rligi tufayli mamlakatimizda, ilm-fan sohasida tiklanish va taraqqiyot yillari bo‘ldi. Shu o‘rinda men ustozlarimga, Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovga o‘z minnatdorligimni bildiraman...

Abdusattor BOBOYOROV,

Samarqand davlat universiteti

raqamli texnologiyalar fakulteti dekani, dotsent.

Shavkat AKROMOV olgan surat