“Talaba.uz” telegramm kanalida 2020 yil, 4-mart kuni tarmoqqa joylashtirilgan videotasvirga universitet jamoasi quyidagicha munosabat bildiradi:

  Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 6 fevraldagi 92-sonli “Qo’shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan talabalar o’qishini ko’chirish bo’yicha arizalarni qabul qilish to’g’risida”gi buyrug’i bilan Samarqand viloyati hududida arizalarni qabul qilish bo’yicha Samarqand davlat chet tillar institutida ishchi guruh tashkil etildi. O’qishini ko’chirmoqchi bo’lgan talabalardan hujjatlarni 2020 yil 7 fevraldan boshlab, har kuni (yakshanba kunidan tashqari) soat 9.00dan 17.00 gacha arizalar qabul qilinmoqda.

  Samarqand davlat universiteti ishchi guruhi tomonidan arizalarni qabul qilish jarayonida talabalardan suhbat olib borilmoqda. Suhbatda talabalarning haqiqatdan ham ko’rsatilgan qo’shni davlatning oliy ta’lim muassasalarida o’qiganligi, borib-kelganligi (yashaganligi), hujjatlarning soxta emasligi va pasportdagi chegara belgilari ko’zdan kechirilmoqda.

  Chunki, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 3-martdagi “Qo’shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarning o’qishini respublika oliy ta’lim muassasalariga ko’chirishga oid tashkiliy masalalar to’g’risida”gi 156-sonli buyrug’ida:

  • qo’shni davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida kamida bir semestr mobaynida o’qishini davom ettirmasdan, boshqa davlatlarning (xususan, Rossiya Federasiyasi va boshqa davlatlar) oliy ta’lim muassasalaridan o’qishini o’quv yilining yarmida ko’chirib o’tgan talabalarning o’qishi respublika oliy ta’lim muassasalariga ko’chirilmasligi;
  • qo’shni davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim shakli bo’yicha va onlayn tarzda tahsil olayotgan talabalarning o’qishini ko’chirishga ruxsat berilmasligi;
  • fuqarolarning qo’shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida kamida oxirgi bir semestrda o’qishi respublika oliy ta’lim muassasalariga ko’chirilayotgan ta’lim yo’nalishiga mos (turdosh) ta’lim yo’nalishda to’liq o’qigan bo’lishi shartligi;
  • qo’shni davlatlarning akkreditasiyaga ega bo’lmagan oliy ta’lim muassasalariga yoki ularning filiallarida o’qiganlarning o’qishini ko’chirishiga ruxsat etilmasligi belgilangan.

Samarqand davlat universiteti prorektori A.S.Soleyev qabuliga 04.03.2020 yil, soat 11.00 lar atrofida qo’shni davlatlardan o’qishini ko’chirmoqchi bo’lgan, lekin hujjatlarida kamchiliklar mavjud bo’lgan fuqarolar murojaat qilishgan. Vazirlikning yuqoridagi buyrug’idagi shartlar prorektor A.Soleyev tomonidan tushuntirilgan. Lekin, ular prorektor qabulxonasiga to’planib, prorektorning eshikdan chiqishini poylab, prorektor eshikdan chiqishi bilan oldindan rejalashtirilgan sahna asosida jarayonni qo’l telefoni kamerasiga tushurib, vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilishgan. Qaysidir fuqaro shaxsiy savoli borligini aytib, prorektor qabuliga yana kirmoqchi bo’lgan. Lekin, fuqaroga prorektorning qabul kunlari haqida tushuntirish berilgan.

Fuqarolarga prorektor qabulxonasidagi universitet xodimlari tomonidan, Samarqand davlat chet tillar institutidagi ishchi guruhga murojaat qilishlari, ular tomonidan hujjatlar ko’rib chiqilishi va suhbat o’tkazilishi bo’yicha ma’lumotlar berilgan.

Ushbu jarayon videotasvirini tarmoqqa joylashtirishdan oldin murojaatchilarning shaxsga teguvchi qo’pol so’zlarini tushurib qoldirish orqali qayta (montaj qilib) ishlab, tarmoqqa joylashtirgan “Talaba.uz” telegramm kanali vaziyatga bir tomonlama baho berishi bilan oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga to’sqinlik qilayotganligini alohida ta’kidlab o’tmoqchimiz.

SamDU matbuot xizmati