Samarqand davlat universitetida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan ilmiy-adabiy anjuman oʻtkazildi. Unda navoiyshunos olimlar, universitet professor-oʻqituvchi va talabalari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjuman ochilishi oldidan Yaponiyaning Soka universiteti rahbariyati bilan hamkorlikda onlayn xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Gʻayrat Fozilov, Soka universiteti rektori Yosixisa Baba Soka va boshqa adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. Tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov va Soka universiteti rektori, professor Yosixisa Babaning kirish soʻzidan soʻng har ikkala tomondan navoiyshunos olimlarning ma’ruzalari tinglandi.

  Onlayn anjuman nihoyasida filologiya fakulteti talabalari tomonidan ijro etilgan sahna koʻrinishlari, turli tillarda aytilgan gʻazallar yigʻilganlarda oʻzgacha bir taassurot qoldirdi.

  Tadbir soʻngida “Navoiy vorislari” gʻazalxonlik tanlovi hamda “Navoiyni anglash” insholar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi. Turli tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan filologiya fakulteti bir guruh professor-oʻqituvchilariga esdalik sovgʻalari topshirildi.