O’ZBEKISTON-HINDISTON: OLIY TA’LIM SOHASIDA HAMKORLIK RIVOJLANMOQDA

Hindiston Respublikasi madaniy aloqalar bo’yicha Kengashi Prezidenti Vinay Saxasrabuddxe boshchiligidagi delegasiya Hindistonning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat hamrohligida Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi.
SamDU faollar zalida yuksak martabali mehmonlar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuvda ikki davlat o’rtasida oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Janob Vinay Saxasrabuddxe Hindistondagi Dehli universiteti, Javaharlal Neru universiteti, Chendigarh universiteti kabi yetakchi universitetlar to’g’risida ma’lumot berdi, shuningdek, kompyuter muhandisligi, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt kabi ta’limning ustuvor yo’nalishlarida hamkorlik masalalariga e’tibor qaratdi. Hindistondan mexanika, matematika, sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari va gumanitar sohalar bo’yicha malakali mutaxassislar va professorlarni jalb qilish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi va bu borada o’z yordamimini ayamasligini bildirdi.
SamDU rektori, professor Rustam Xalmurodov Vinay Saxasrabuddxega universitet “Faxriy professori” unvonini topshirdi. Martabali mehmon ushbu unvonni minnatdorlik bilan qabul qildi va ikki mamlakat o’rtasida ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun butun imkoniyatini ishga solishini ta’kidladi.
Uchrashuvda Hindistonning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Manish Prabxat ham so’zga chiqdi. Janob elchi Hindiston elchixonasi huzuridagi madaniy hamkorlik bo’yicha Hindiston kengashiga Samarqand davlat universiteti talabalariga Hindiston oliy o’quv yurtlarida tahsil olish uchun stipendiyalar sonini ko’paytirishni taklif qildi.
Uchrashuv so’ngida Hindistonning O’zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Hindiston madaniy hamkorlik kengashi bilan Samarqand davlat universiteti o’rtasida kelishuv shartnomasi imzolandi.



