NOBEL MUKOFOTI SOVRINDORI TALABALARGA MA’RUZA O’QIDI

Kimyo yo’nalishi bo’yicha Nobel mukofoti sohibi, Amerika qo’shma shtatlarining Shimoliy Karolina universiteti professori Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti Kimyo fakulteti professor-o’qituvchilari talabalariga ma’ruza o’qidi.
Masofaviy ma’ruzani universitet o’quv ishlari bo’yicha prorektori, prof. A.Soleyev kirish so’zi bilan ochdi, “Ipak yo’li” xalqaro turizm universiteti birinchi prorektori J.Eltazarov yig’ilganlarni Aziz Sanjarning hayot yo’li va ilmiy faoliyati bilan tanishtirdi.

Professor Aziz Sanjar “Odam genomi DNK reparasiyasi xaritasi” mavzusida ma’ruza o’qidi. Ma’ruzada Aziz Sanjar nukleotidlarni “qirqib” tuzatish usuli, va nukleotidni qirqib tuzatishda shikastlangan DNK qismi qirqib olinib, o’rniga bo’shliq qaytadan normal DNK bilan to’ldirilishi, insonlarda uchraydigan DNK reparasiyasini yangi gen texnologiyalari nuqtai nazaridan tushuntirdi. Inson genomi uchun yakka nukleotid darajasida shikastlanish va tuzatish kartasini yaratish usuli ishlab chiqilganligi to’g’risidagi ma’lumotlarni berdi.

Kimyo fanining eng jadal rivojlanayotgan sohasi – hayotiy jarayonlarning kimyoviy asoslari yo’nalishiga bag’ishlangan ushbu ma’ruza yosh tadqiqotchilar va talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.


