Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi, Biokimyo, Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish institutlari 3-kurs iqtidorli talabalari va ularning ota-onalari uchun uchrashuv tashkil etildi.

    Ota-onalar dastlab farzandlari tahsil olayotgan institutlarda bo’lishdi. Yaratilgan sharoitlarni ko’zdan kechirdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar e’tiboriga havola qilindi. 

    Filmda oddiy oila farzandlarini ta’lim-tarbiya olish orqali yuqori natijalarga erishganligi aks ettirilgan. Mazkur film tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.
    Film namoyishidan so‘ng Samarqand davlat universiteti birinchi prorektorlari Ahmadjon Soliyev va Rustam Yo’ldoshevlar ota-onalar bilan muloqot qildi.

    - Farzandim Bobur Samarqand davlat universiteti Biokimyo institutida o’qiydi, - deydi Gulnora Fozilova. – Bugun yoshlarga yaratilgan sharoitlarni ko’rib havas qildim. Iqtidorli guruh talabalarini tashkil etishibdi. Bundan xursandman. Bolalarimizga yanada yaxshiroq e’tibor qaratilmoqda. Farzandim eng yaxshi universitetda o’qiyotganidan faxrlanaman. Yoshlarga berilayotgan imkoniyat uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

    - Men 1994-1999-yillarda Samarqand davlat universiteti geografiya fakultetida o’qiganman, - deydi Ikrom Pardayev. – Bugun o’g’lim Og’abek Muhandislik fizikasi institutida o’qiyapti. Men bu institutning oldingi ahvolini juda yaxshi bilaman. Bugun ko’rib hayratlandim. Eng zamonaviy ta’lim dargohi bo’libdi. Menga yana imkoniyat berilganida SamDU da qayta o’qigan bo’lar edim. Ota-onalar bilan uchrashuvda film namoyish etildi. Mazkur film shaxsan men uchun ibrat bo’ldi. Ota-onaning roli bugungi filmda aniq qilib yoritilgan. Biz universitet bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

    - Samarqand davlat universiteti oilam uchun qadrdon. Ikki o’g’lim Zuhriddin va Mehriddin SamDU Biokimyo va Muhandislik fizikasi institutlarida o’qiydi. Turmush o’rtog’im ham SamDU ni tamomlagan, - deydi Faxriddin Qilichov. – O’ttiz yildan ortiqroq pedagogik faoliyatim davomida ta’lim tizimiga bugungidek e’tibor berilmagan. Bugun SamDU xorijiy universitetlardan qolishmaydi. Talabalar va ota-onalar buning qadriga yetishi kerak. Universitetning ota-onalar bilan hamkorligi manfaatli bo’lishiga ishonaman.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.