Erasmus + xalqaro loyihasi doirasida Samarqand davlat universitetining hamkorligi

Samarqand davlat universitetining Raqamli iqtisodiyot kafedrasi tomonidan yutib olingan Erasmus + - KA107 "Dastur mamlakatlari va sherik mamlakatlar o'rtasida harakatchanlik" dasturi doirasida Ruminiya davlatidan kelgan Oradea universitetining Geografiya va turizm fakulteti rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda SamDU nomidan prorektor Muxtor Nasirov va kafedra mudiri, professor Bahodirxon Safarov ishtirok etishdi. Ruminiyadan yig'ilishda Alexandru Ilies - Oradea universiteti geografiya va turizm fakulteti dekani, Dorina Kameliya Ilies - Oradea universiteti kafedra mudiri va “GeoJournal of Tourism and Geosites” jurnalining bosh muharriri, Marin Ilies - Kluj Napokaning Babes-Bolyai universiteti professori va Gabriela Ilies - Kluj Napokaning Babes-Bolyai universiteti professori ishtirok etdilar.
Tomonlar turli xil formatlarda, shu jumladan talabalar va o'qituvchilar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot faoliyati va akademik simpoziumlarni tashkil etishda universitetlararo amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ikki tomon erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash uchun o’zaro hamkorlik yo'nalishlari ko'rsatadigan hamkorlik to'g'risidagi memorandumni imzolashga kelishib oldilar.
Ushbu masalalarning yechimi sifatida birinchi qadam qo'yildi, ya’ni Oradea universiteti talabalari Inna Chbanu va Dan Iordachi amaliyot o'tkazish uchun ikki oy davomida Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdilar.
Hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlaridan biri, raqamli iqtisodiyot kafedrasi fanlarini ingliz tilida o'qitish bo'yicha o'quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish hamda o'quv jarayoniga keng joriy etishdir, bu o’z navbatida professor-o'qituvchilar tarkibining tegishli malakalarini oshirishga hissa qo’shadi. Shuningdek, "Scopus" ilmiy bazasi ro'yxatiga kiradigan "GeoJournal of Tourism and Geosites" jurnalinida ilmiy maqolalar yozishda va nashr etishda amaliy yordam ko'rsatiladi.
Ta'kidlash joizki, 1780 yilda tashkil etilgan Oradea universiteti, 14 mingga yaqin talaba tahsil oladigan Ruminiya davlat universiteti hisoblanadi. Universitet Ruminiyaning 10 ta eng yaxshi universitetlari qatoriga kiradi, shuningdek xalqaro reytinglarda yuqori o'rinlarni egallaydi, masalan, "QS World University Rankings" 221-o'rinni egallaydi. Oradea Universitetining asosiy vazifalaridan biri - bu shaxsning ijtimoiy, kasbiy va intellektual rivojlanishi uchun milliy va xalqaro sharoitida yuqori darajadagi ta'lim va tadqiqotlarni ta'minlash, shuningdek, Oradea shahrining madaniy markazining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo'shish. Ushbu vazifalar quyidagi maqsadlar orqali amalga oshiriladi: butun dunyodan talabalarni jalb qilish, universitetni mamlakatdagi va Evropadagi eng yaxshi ta'lim muassasalari qatoriga qo'shish, umuman ushbu universitetda bo'lib o'tgan akademik ta'lim va tadqiqotlarning qiymati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish. Oradea universiteti 39 mamlakatdan kelgan 352 muassasalar bilan xalqaro aloqalarni o'rnatgan. Talabalarga taqdim etiladigan o'quv va akademik ta'lim 15 fakultetda amalga oshiriladi, bu yerda oliy ta'limning to'liq to'plami bakalavriat, magistratura, doktorantura va aspirantura dasturlari orqali taqdim etiladi. Fakultetlarda o'quv faoliyati ilmiy izlanishlar bilan birga olib boriladi va boyitiladi. Kasbiy faoliyat va axloqiy xulq-atvor bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlar oliy o'quv yurtlari xodimlarini akademik baholashning ustuvor mezoniga aylanmoqda.
Samarqand davlat universiteti Raqamli iqtisodiyot kafedrasi va Oradea universiteti o'rtasidagi xalqaro loyiha Evropa Komissiyasi tomonidan Erasmus + dasturi - KA107 "Dastur mamlakatlari va sherik mamlakatlar o'rtasidagi harakatchanlik" doirasida moliyalashtiriladi.

