2021 yil 1 aprel kuni tarix fakulteti ilmiy xodim va talabalar ishtirokidagi onlayn seminar-trening Rossiya Fanlar Akademiyasi Umumiy tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor A.S.Namazovaning “Xorijiy mamlakatlar tarixini tadqiq qilish markazi” faoliyati doirasidagi navbatdagi ma’ruzasi Yevropa ittifoqi va unda “Yevropa qit’asidagi kichik davlatlarning ishtiroki” masalalariga bag‘ishlandi.

  Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi tugagach yuzaga kelgan ikki qutbli dunyo, ziddiyatlar davrida Yevropa mamlakatlarini yagona ittifoqqa birlashtirish g‘oyasi paydo bo‘lgan edi. Ushbu g‘oyaning amaldagi ifodasi 1951 yilda tashkil etilgan Yevropa ko‘mir va po‘lat birlashmasi bo‘ldi. Keyingi davrda Yevropa Iqtisodiy hamjamiyati, Umumiy bozor, Atom energetikasi bo‘yicha Yevropa Hamjamiyati singari birlashmalar Yevropa ittifoqi integratsiyasi yo‘lidagi asosiy tuzilmalar sifatida namoyon bo‘ladi. Ma’ruza davomida tinglovchilarga Yevropa Ittifoqining shakllanish jarayoni borasida ma’lumot bergan professor ushbu tuzilma tarkibidagi kichik Yevropa davlatlari, jumladan, Belgiya, Avstriya va boshqa G‘arbiy Yevropa davlatlarining iqtisodiy, siyosiy holatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Talabalar tomonidan berilgan savollar ma’ruzaning yanada qiziqarli o‘tishini ta’minladi.