Bugun Samarqand davlat universitetiga Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adriayen va Tempus, Erasmus Mundus and Erasmus+ loyihasi mas’ullaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi professor Rustam Xolmurodov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda oliy ta’lim tizimi, uning dolzarb masalalariga e’tibor qaratildi.

Ma’lumot sifatida ta’kidlandiki, Erasmus+ loyihasining dastlabki davridan boshlab, Samarqand davlat universiteti uning turli yo‘nalishlarida qatnashib kelmoqda.

Sharlott Adriayen, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi:

- Avvalo Samarqand shahriga ilk marta kelmoqdaman. Tashrifimizning chuqur tarixga ega Samarqand davlat universitetidan boshlanishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Biz bugungi kunda O‘zbekistonning ta’lim tizimida olib borilayogan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu o‘rinda, afsus bilan aytmoqchimanki, koronavirus pandemiyasi boshqa sohalar qatorida ta’limga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Bunda talabalarning bilim saviyasini ushlab turish eng muhim vazifalardan biridir. Biz hurmatli rektor Rustam Xolmurodov bilan bir qator muhim masalada muzokaralar olib bordik, fikr almashdik.

Birinchidan, universitetda boshqaruv tizimini raqamlashtirish, ikkinchidan, yashil iqtisodiyot, uchinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirishdan iborat. Bu sohalar hozirda muhim vazifalar hisoblanadi.

Shuningdek, tomonlar ikki taraflama o‘zaro hamkorlikni oliy pedagogik ta’limga, magistratura bosqichlarini isloh qilishga qaratish lozimligi to‘g‘risida ham fikr yuritishdi.

Otabek Sa‘dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan suratlar