Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti talabalariga navbatdagi ma’ruzasini o‘qidi...

2021-yil 28-may kuni Nobel mukofoti laureati, AQSH ning Shimoliy Karolina universiteti professori Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasining ilmiy tadqiqotchilari, magistrantlari hamda doktorantlariga “Sirkadli ritmlar hamda sirkadli soatlar” mavzusidagi ma’ruzasini o‘qidi.

Aziz Sanjar tomonidan kashf etilgan eng katta kashfiyotlardan biri – sirkadli ritm hamda sirkadli soat hisoblanadi. Bu jarayonlar fanga ancha oldin ma’lum bo‘lsa-da, hujayra darajasida ularning molekulyar mexanizmlari Aziz Sanjar va uning jamoasi tomonidan kashf etilgan.

Ushbu jamoa tomonidan sirkadli ritmlar hamda DNK molekulasining tiklanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikning ochilishi tufayli bu jarayonlarning o‘sma kasalliklarini davolashdagi roli va ahamiyati ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi.

Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasida o‘rindoshlik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.

