Talabalar 8 ta’lim yo'nalishi bo'yicha ijodiy imtihonlar topshirmoqda. Bular tasviriy san’at, rang-tasvir dastgohi, jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, vokal san’ati, an’anaviy xonandalik, cholg’u ijrochiligi, sport faoliyati: xotin-qizlar sporti kabi yo'nalishlardir.

451 nafar talaba xorijdan o'qishini Samarqand davlat universitetiga ko'chirish istagini bildirgan. Ularning aksariyatini Qozoqiston, Tojikiston, Qirg’iziston, Rossiya, Belorusiya, Ukraina davlatlaridagi talabalar tashkil etmoqda.

Imtihonlar ochiq havoda, karantin qoidalariga rioya etgan holda, shaffof tarzda bo'lib o'tmoqda. Ijodiy imtihonni nazorat qilish uchun Oliy ta’lim vazirligi xodimlari, bir qator jamoatchilik vakillari tashrif buyurgan. Navoiy pedagogika instituti, Jizzax pedagogika instituti, Termiz davlat universiteti o'qituvchilari imtihonni xolis baholash uchun chaqirtirilgan.

- Ijodiy imtihonlar karantin qoidalariga rioya etilgan holda, shaffoflik tamoyili asosida o’tmoqda, - ta’lim deydi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul muttasadisi Yoqub Ergashov. – Imtihonda xolislikni guvohi bo’lyabmiz, jamoatchilik ishtiroki, boshqa oliy ta’lim vakillarining imtihon olishi buning yaqqol dalilidir. Bundan tashqari video kuzatuv kameralari orqali imtihon nazoratini kuchaytirish imkoniyati mavjud.

Hasan Xo'janazarov, talaba:

- Men Xo'jand davlat universiteti xalq ashulachiligi fakultetidan Samarqand davlat universiteti musiqa ta’lim yo'nalishiga o'qishimni ko'chirish uchun imtihonda qatnashdim. Imtihon men uchun qiyinchilik tug'dirmadi, natijalarimdan xursandman. Eng quvonarlisi imtihonlar shaffof tarzda o'tmoqda.

Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.