Gʻaffor Rahmonberdiyev, Qozog‘iston Fanlar Akademiyasi akademigi: Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyoning yetakchi ta’lim dargohi

Samarqand davlat universitetini ushbu o‘quv yilida 368 magistrantlar tugatmoqda. Hafta davomida ularning dissertatsiya himoyalari bo‘lib o‘tdi. Ushbu ilmiy tadqiqotlarning aksariyati o‘zining dolzarbligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Kimyo fakultetida bo‘lgan magistrlik dissertatsiya himoyalari ham qiziqarli va savol-javoblarga boy o‘tdi.
Gʻaffor Rahmonberdiyev, Qozog‘iston Fanlar Akademiyasi akademigi, kimyo fanlari doktori:
- Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti magistrantlarining dissertatsiya himoyasida ishtirok etib, juda katta ijobiy taassurotga ega bo‘ldim. O‘qish-o‘qitish ishlari namunali yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, butun dunyoga taniqli bo‘lgan olimlarning onlayn ma’ruzalari tashkil qilinganligi e’tiborimni tortdi. Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar bugungi kunda SamDU kimyo fakulteti talabalariga dars o‘tayotganligini juda katta tarixiy voqea deb hisoblayman.
Hamdam Akbarov, O‘zbekiston Milliy universiteti professori, kimyo fanlari doktori:
- Samarqand davlat universiteti magistrantlarining dissertatsiyalari zamonaviy va qiziqarli mavzularga bag‘ishlanganligi alohida e’tirof etmoqchiman. Kimyo fani nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda jadallik bilan rivojlanayotganin hisobga oladigan bo‘lsak, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Mening nazarimda magistrlik ishi nomzodlik dissertatsiyaga juda-juda yaqin bo‘lishi kerak. Bu esa magistrdan ham, uning ilmiy rahbaridan ham ilmiy izlanishda bo‘lishni talab etdi.
Nodira Toshquvvatova, magistrant:
- Ikki yillik izlanishlarimiz natijasida to‘plagan bilimlarimizni bugun yakuniy imtihondan o‘tkazib oldik. To‘g‘risi, hozir juda hayajondaman.
Ilmiy rahbarim kimyo fanlari nomzodi, dosent Noryigit Baratov bilan birgalikda “Tabiiy ob’yektlarda xlororganik moddalarni analizator “L200DX” DEXIL PCB/ CHLORIDE da tadqiq qilish” mavzusida dissertatsiya himoya qildim. Mavzu aholi va atrof muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar (TOI) ta’siridan himoya qilish kabi dolzarb muammolarga bag‘ishlanganligi bilan dolzarb va bugungi kun uchun muhimdir.









Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati
Shavkat Akramov olgan suratlar

