“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti o‘zbek tili va adabiyoti hamda ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Yuldasheva Dilnoza Bekmurodovna 2020-yilda “O‘zbek tilida ornitonimlarning strukturaviy va semantik tadqiqi” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Dissertasiyaga doir 2018-yilda “O‘zbek tilida ornitonimlarning izohli lug‘ati”ini tuzib, o‘zbek tilshunosligining leksikologiya hamda terminologiya sohalariga yangilik kiritgan. Uch yillik izlanishlari natijasida Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘ldi. Ushbu guvohnoma O‘zbekiston Respublikasining "Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risidagi qonuniga asosan quyidagi EHM uchun dasturiga berildi. Dasturning nomi: “O‘zbek tilida ornitonimlarning izohli lug‘ati mobil dasturi”, deb nomlanadi. Ushbu mobil ilova orqali ikki mingga yaqin qush nomlarining alifbo ko‘rsatkichi, besh yuzdan ortiq qush nomlarining izohi hamda ularning omonimik, sinonimik xususiyatlarining izohi keltirilgan. Bunda ornitonimlar bo‘yicha to‘plangan materiallar, chiqarilgan xulosa, umumlashtirilgan fikrlar hozirgi o‘zbek tilshunosligi, xususan, leksikologiya uchun eng muhim zaruriy, ilmiy ma’lumot berishi, o‘zbek tili leksikologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar yaratishda manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, o‘zbek tili leksikologiyasi hamda terminologiyasiga oid darslik va qo‘llanmalar yozishda, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida “O‘zbekiston ornitonimlari” maxsus kursini, shuningdek, biologiya va veterinariya fakultetlarida Zoologiya, Soha terminologiyasi, umumta’lim maktablarida Ona tili, Zoologiya, Biologiya darslarida qush nomlarini o‘qitishda asosiy material vazifasini bajaradi.

Bundan tashqari, ekoturizmning asosan tabiat bilan bog‘liqligini inobatga olgan holda qushlarga qiziquvchi sayyohlar uchun individual turlarni yaratish, bir necha kishilik guruhlar uchun maxsus qushlar yashaydigan zonalarda ekspedisiyalarni uyushtirish ko‘zda tutilgan.
Kelajakda sayyohlarlarning foydalanishini hisobga olgan holda ushbu mobil ilovaning ingliz tili hamda boshqa tillarga tarjima qilish rejasi ham bor.

  “Samarqand davlat universiteti Start-Up g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi” rahbari Fayzullo Nazarov va boshqaruvchi Bunyod Eshtemirovlar dasturiy mahsulotni ishlab chiqishda yaqindan yordam berdi.

“Samarqand davlat universiteti Start-Up g‘oyalarni

qo‘llab-quvvatlash markazi” rahbari Fayzullo Nazarov

Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi.