Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti geologiya ta’lim  yo‘nalishi talabalari  uchun “Regionalgeologiya” Davlat unitar korxonasi “Markaziy geologiya va geofizika” laboratoriyasi faoliyati bilan tanishuv ekskursiyalari tashkil etildi. Unda talabalar geologik tadqiqot namunalarini tahlil qilish laboratoriyasi faoliyati va geofizik tadqiqot usullari apparaturalari bilan yaqindan tanishdi.

    Tashrif davomida talabalarga o‘qituvchi hamda korxona yetakchi mutaxassislari tomonidan yetarlicha tushuntirish ishlari olib borildi.

    -Talabalar dars davomida o‘zlashtirgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay bilsagina mutahkam bilimga ega bo‘ladilar, - deydi gidrometeorologiya kafedrasi o‘qituvchisi Jovxar Sattorov, - Shu jihatdan bu kabi ekskursiya va dala amaliyotlari ta’limning uzviy qismi hisoblanadi. “Markaziy geologiya va geofizika” laboratoriyasi faoliyati bilan tanishish talabalarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha muhim masalalarda ko‘nikma hosil qilish imkoniyatini taqdim etdi. Ayniqsa, quduqlarda olib boriladigan geofizik tadqiqot usullari partiyasi kuzatuvlarida Kobra karotaj stansiyasi tuzulishi va ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishish  talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.

    Ekskursiya davomida talabalar geologiya muzeyi namunalari bilan tanishish bilan bir qatorda tog‘ jinslari va minerallar, ularning kelib chiqishi, o‘rganilish tarixi, qadimgi zamon fauna-floralarining tosh qotgan saqlanmalari va foydali qazilama konlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shundan so‘ng malakali mutaxassislar tomonidan tog‘ jinslarini tahlil qilish, shuningdek, olingan ma’lumotlarni kompyuterda qayta ishlash va tahlil qilish to‘g‘risida kerakli tavsiyalar berildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati