Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti 4-bosqich talabalarining so‘zlashuv nutqi sintaksisi fanidan mustaqil ta’lim topshiriqlari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida “Talaba ijodi” tanlovi o‘tkazildi.

    Unda talabalar fanga oid bilimlarni mustahkamlashda ilmiy-ijodiy yondashganligi, mustaqil ta’lim uchun ajratilgan mavzularni to‘liq o‘zlashtirganligi kabi bir qator mezonlar hisobga olingan holda baholandi.

    -Har bir fan doirasida olingan nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlardan tashqari mustaqil ta’lim jarayonida mavzuga oid topshiriqlarni bajarish orqali mustahkamlanadi, - deydi Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti  Dilbar O‘rinboyeva, - “So‘zlashuv nutqi sintaksisi”   fanini chuqur o‘zlashtirish uchun talaba fanning har bir bo‘limini mustaqil o‘rganishi orqali mustahkamlashi kerak bo‘ladi. So‘zlashuv nutqi kundalik turmush nutqi bo‘lgani bilan, unda tilimizning bor imkoniyatlari, eng nozik qirralari, noyob o‘xshatishlari qo‘llaniladi. O‘quv yili boshida mustaqil ta’lim mavzulari bo‘yicha “Talaba ijodi” tanlovini e’lon qilgan edik. Nizomga ko‘ra talabalar infografika, videorolik, audioyozuv, “Ispring” testlar kabi yo‘nalishlarda mustaqil izlanishlar asosida tayyorlagan ishlarini taqdim etdi. Har bir ijodiy ishda talabalar kundalik hayotida doimiy qo‘llaydigan so‘zlashuv nutqini mustaqil o‘rganishga, qo‘llangan birliklarni tahlil qilishga harakat qilgan.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati