S amarqand davlat universitetida ilmiy daraja va unvon olgan
professor-o‘qituvchilarga diplomlar topshirildi

Samarqand davlat universiteti huzurida 10 Ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. 2021 yilning yanvar oyidan shu kungacha 39 falsafa doktorligi (PhD) va 7 fan doktorligi (DSc), jami 46 dissertasiya himoya qilingan. Shuningdek, universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning 2 nafariga professorlik, 5 nafariga fan doktorligi, 6 nafariga dosentlik diplomlari topshirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 30 yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda professor-o‘qituvchilarimizdan 2 nafariga professorlik, 6 nafariga dotsent ilmiy unvoni to‘g‘risidagi attestatlar, 3 nafariga fan doktorligi, 22 nafariga falsafa doktorligi diplomlari tantanali ravishda topshirildi.
2021 yil avgust holatiga ko‘ra Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan 21 monografiya, 409 xorijiy maqola, shundan 83 tasi Scopus bazasiga kirgan jurnallarda, 300 ga yaqin maqola OAK ro‘yxatiga kirgan respublika ilmiy jurnallarida chop qilingan.

Ilmiy tadqiqot ishlarini amaliyotga tatbiqi bo‘yicha, 2021 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra olimlarimizning 2 ilmiy ishlanmasiga patent va 15 mualliflik guvohnomalari olindi. 6 ishlanma patentlashtirish uchun Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga taqdim etildi.
- Fan doktorligi ilmiy darajasini bundan 26 yil ilgari olgan edim. Bugun professorlik unvonini qo‘lga kiritdim, - deydi tarix fanlari doktori, professor Farhod Nabiyev. – Bugun zamon boshqa. Olim va ilm qadrlanadigan jamiyatda yashyapmiz. Yosh fan doktorlari, professorlar safi kundan-kun ortmoqda. Hech qachon fan, ilmiy ish qiladigan inson bugungiday davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Samarqand davlat universiteti olimlari nomidan minnatdorlik bildiraman. Bu yilgi O‘zbekiston Qahramonlari orasida ikki nafar olim, akademik Shavkat Ayupov, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovlarning borligi ham fikrimiz dalilidir.

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Shavkat AKRAMOV

olgan suratlar