Qadrdon do‘st, samimiy hamkor...

Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti rektori, Respublika oliy ta’lim kengashi raisi, iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Umurzoqovning vafoti haqidagi sovuq xabar samarqandlik ziyolilarni ham qayg‘uga soldi.

Alisher Navoiy hazratlari aytganidek: olimning o‘limi, olamning o‘limidir. O‘ktam Pardayevich mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan mohir tashkilotchi, tajribali rahbar, salohiyatli olim sifatida barchamizning xotiramizda mangu qoladi.

O‘ktam Umurzoqov qishloq xo‘jaligi hamda iqtisodiyot fani rivoji yo‘lida juda katta ishlarni amalga oshirdi. 50 dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya, uslubiy qo‘llanmalar yaratdi. Olimning ilmiy rahbarligida 20 dan ortiq fan doktori va nomzodlari yetishib chiqdi. O‘ktam Umurzoqov ko‘plab mamlakatimiz va xalqaro nufuzli jurnallarning tahrir hay’ati a’zosi edi. Olimning mashaqqatli mehnati tufayli mazkur institut nufuzli xalqaro reytinglarda ham e’tirof etilgandi.

Samqarqand davlat universiteti bilan Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti o‘rtasida sog‘lom raqobat mavjud edi. Biz bir-birimizdan o‘rganib, o‘rgatib hamkorlikda ishlar edik.

O‘ktam Umurzoqov Respublika oliy ta’lim kengashi raisi sifatida ham mamlakatimizdagi 130 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga maslahatchi, ustoz maqomida edi.

Qadrdon hamkasbimiz, camimiy do‘stimiz, yoshlarning mehribon ustozi, oliy ta’lim fidoyisi O‘ktam Umurzoqovning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy qoladi.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori, professor,

Oliy Majlis Senati a’zosi.