Samarqand davlat universiteti   Turkologiya instituti direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rohila Ro‘zmonova bilan suhbat

    -Samarqand davlat universitetining Turkologiya institutiga keyingi o‘quv yilidan  bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul bo‘lishi kutilmoqda...

    -O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra Samarqand davlat universitetiga “Flagman universitet” maqomi berildi. Ushbu maqom mazkur oliy o‘quv yurtini tadqiqot universitetiga aylantirish, uning tarkibida mamlakat iqtisodiyoti, ichki va tashqi siyosati, uning global va mintaqaviy manfaatlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarini tashkil etish vazifasini qo‘ygan.

    Samarqand davlat universiteti maʼmuriyati tashabbusi va Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi tavsiyasiga binoan, Turkiya Respublikasi Istanbul va Marmara universitetlari qoshidagi Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti huzurida Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

    Mazkur institutda Turkiy davlatlar tashkilotiga kiruvchi mamlakatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ilmiy aloqalarini, turkiy sivilizatsiyaning mushtarak ijtimoiy-tarixiy, madaniy, adabiy va lisoniy xususiyatlarini tadqiq etish, yo‘qolib borayotgan turkiy til va lahjalarni tekshirish va asrashga doir ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Bu borada Turkiya universitetlari bilan hamkorlikda yetuk mutaxassislar tayyorlanadi. Yangi o‘quv yilidan ushbu institut faoliyatini yana-da kengaytirish, bir qator kafedralar, shuningdek, til laboratoriyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan bo‘lib, turkiy xalqlar tili va adabiyotiga doir bir qator, shu jumladan, xorijiy til va adabiyot: turk tili yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat, magistratura hamda doktorantura bosqichlariga talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.

    -Turkologiya institutida turk tilini o‘rgatish bo‘yicha til kurslari faoliyati qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?

    -Hozirgi kunda institut qoshida “Turk tili markazi” tashkil qilingan bo‘lib, turk tilini o‘rganishni xohlovchilar uchun shartnoma asosida tayyorlov kurslari o‘z faoliyatini boshlagan. Markaz A1, A2; B1, B2; C1, C2 darajalarga tayyorlash uchun tinglovchilarga sifatli taʼlim berib kelmoqda. Mazkur kurs mashg‘ulotlarida Turkiya Respublikasining nufuzli oliygohlaridan jalb etilgan tajribali o‘qituvchilar dars jarayonlarini olib borishmoqda.

    -Institutning bugungi faoliyati haqida to‘xtalsangiz.

    -Bugungi kunda Turkologiya instiutida turkiy tillar, turkiy adabiyot va madaniyatlar bo‘yicha bir qator tadqiqotlar va yangi loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan. Institut hali yangi bo‘lgani uchun oldinga qo‘yilgan vazifa va maqsadlar hali reja bosqichida. Faoliyatimizning keyingi qismida ushbu vazifalarni bosqichma-bosqiy amalga oshirish uchun tinimsiz harakat qilmoqdamiz. Jumladan, turkiy tillar va shevalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, lisoniy va adabiy aloqalar tarixini tadqiq etish, qardosh xalqlar tillaridan qilinadigan tarjima asarlarning sifati va miqdorini oshirish hamda qiyosiy tahlillar masalasida Turkiya universitetlari hamda tadqiqot institutlari bilan birgalikda yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Amaldagi har bir maqsad turkiy xalqlarning ko‘p asrlik urf-odatlari, anʼanalari va madaniy qadriyatlarini ochib berishga qaratilgan ilmiy tahlillarni amalga oshirish, olingan natijalarni turli nashrlar va tadbirlar orqali ilm-fan olami va jamoatchilikka yetkazish masalalariga qaratilgan.

    Shuningdek, kelgusida nafaqat Turkiya universitetlari, balki turk dunyosining boshqa xalqlari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy anjumanlar, xalqaro konferensiyalar tashkil qilish belgilangan. Ilk qadam sifatida yaqin kunlarda o‘tkazilgan “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumini misol qilib keltirish mumkin.

    -“Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumi yakuniy natijalari qanday bo‘ldi?

    -“Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro simpoziumining Samarqandda o‘tkazilgan tadbirlarini yakunladik. To‘rt kun davom etgan tadbir va uchrashuvlarda Turkiyadan tashrif buyurgan olimlar, tarix, til va adabiyot, madaniyat, sanʼat, din va ilohiyot ilmi namoyandalari bilan hamfikr bo‘ldik. Ularga Samarqand tarixi, qadimiy madaniyat va sanʼat  namunalarini ko‘rsatdik, bundan keyingi aloqalar ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdik. Samarqand davlat universiteti Turkologiya institutida tashkil etilgan simpozium shoʻbalari majlislarida o‘zbek-turk munosabatlarida til va madaniyat uyg‘unligi, tarixiy aloqalarga kelajakda barqaror tus berish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi. Umumiy hisobda simpoziumda 40 dan ortiq tarixchi, islomshunos, faylasuf hamda filolog professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, Amir Temur va Sulton Yildirim Boyazid davriga oid ilm-fan, madaniyat, iqtisod kabi qator masalalar yuzasidan o‘z tadqiqotlari natijalari bilan o‘rtoqlashishdi.

    Ushbu anjuman mamlakatimizda hamda turkiy davlatlarda turk dunyosi bo‘yicha tadqiqot olib borayotganlar o‘rtasida o‘zaro bog‘langan akademik tarmoq tashkil etish sari dastlabki qadamning o‘ziga xos namunasi bo‘lganiga ishonaman.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.