Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi laboratoriyasiga O‘zRFA prezidenti tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining prezidenti, akademik Behzod Yo‘ldoshev va O‘zbekiston Respublikasi diplomatik missiyasining Xalqaro atom energiyasi agentligidagi (MAGATE) maslahatchisi professor Umar Salixbayev Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi laboratoriyasiga tashrif buyurdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ularga hukumatimiz 2020 yilda laboratoriyani ta’mirlash uchun 6,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflaganligini aytib o‘tdi. So‘nggi 7 yil ichida qiymati 1 million dollardan ortiq bo‘lgan grantlar shaklida xorijiy investisiyalar jalb qilinganligini alohida ta’kidladi.
Samarqand davlat universitetining mazkur laboratoriyasi uchun 2021 yil iyul oyida MAGATE granti evaziga 125,000 AQSH dollarlik asbob-uskunalar xarid qilindi. 2021 yil oxiriga qadar investisiyalarning rejalashtirilgan hajmi 200,000 dollarni tashkil etadi.
MAGATE va Massachusets texnologiya instituti (American Councils granti) yordamida 5 ta ilmiy va o‘quv laboratoriyalari tashkil etildi. Ularda 170 nafar 3 va 4-kurs talabalari, shuningdek, 22 magistrant laboratoriya amaliyotini o‘tadi va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. 2021 yilda yadro fizikasi kafedrasining 10 magistranti yadro fizikasi laboratoriyasida dissertasiya ishlarini bajarmoqda.
2021 yil may oyida yadro fizikasi laboratoriyasida 2 ta PhD dissertasiyasi himoya qilindi. Hozirgi kunda 3 nafar magistrantlar MIFI (Rossiya), Xitoy va Belorus davlatlarida tahsil olishmoqda.
Xorijiy grantlar hisobidan yadro fizikasi laboratoriyasining 7 nafar xodimi Avstriya, Italiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Shotlandiya, Xorvatiya kabi rivojlangan mamlakatlarda ilmiy malaka oshirdi.
2021 yilda AQSH, Ukraina va Rossiyaning yetakchi markazlarida 3 nafar xodimning stajirovka o‘tashi rejalashtirilgan.



Akmal Safarov (PhD),
Samarqand davlat universiteti
yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi assistenti
MAGATE texnik hamkorlik jamg‘armasi loyihalari rahbari

