Samarqand davlat universiteti olimlari O‘qituvchi va murabbiylar bayramini o‘zgacha, ko‘tarinki ruhda kutib olmoqda. Professor-o‘qituvchilar maktabdagi ustozlariga,   SamDU rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning bayram tabrigi bilan birga gul va qimmatbaho sovg‘alar  ham olib borishdi.

    Samarqand davlat universitetining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, professor Shahzoda Negmatova maktabda boshlang‘ich sinfda o‘qitgan  o‘qituvchisi Adolat Ergashevani tabriklash maqsadida, Oqdaryo tumaniga tashrif buyurdi. Shogirdini ko‘rgan muallim xursandchiligidan ko‘z yoshini tiyolmadi. SamDU rektori tabrigi o‘qilganda qalbi cheksiz quvonchga to‘ldi. Shuningdek,   maktab chog‘laridagi shirin xotiralar yodga olindi.

    -Samarqand davlat universiteti rektori professor Rustam Xolmurodovga samimiy tabrigi, eʼtibori uchun alohida minnatdorlik bildiraman,- deydi Adolat Ergasheva.-Birinchi sinfda o‘qitgan o‘quvchim, professor Shahzoda Negmatovaning ataylab vaqt ajratib kelishidan boshim osmonga yetdi...

    Toyloq. Bog‘izog‘on qishlog‘i. Kun kech bo‘lishiga qaramasdan SamDU professori Xurshid Bozorov,  SamDU organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi mudiri, dotsent Davlat To‘xtayev “Shuhrat” medali sohibi, ximiya fani o‘qituvchisi, hozir-da mehnat faxriysi Nina Suvonovaning uyiga bordi.  Ikki shogirdini ko‘rgan ustozning xursandligidan boshi osmonga yetdi.

    - Kimyo sohasini tanlashimga o‘qituvchim Nina Suvonova sababchidir, - deydi professor Xurshid Bozorov. -  200 dan ortiq ilmiy ishlanmalar, 30 ga yaqin Ssopus bazasiga kiruvchi maqolalar muallifiman. 2 fan doktori, 7  fan nomzodi, 6 magistrga ilmiy rahbarlik qilganman. Mening o‘quvchilarim ustozimning ham shogirdlaridir…

    Samarqand shahridagi 17-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nargiza Qulmatova 1-sinf bolalariga dars o‘tayotgan edi. Kutilmaganda sinfxonaning eshigi taqilladi va baland ovozda salom berib, uning shogirdi SamDU tayanch doktoranti Hasan Oripov kirib keldi. U universitet rektori tabrigini o‘qib berdi. Ustoz bugun uning uchun tarixiy kun bo‘lganligini alohida taʼkidladi...

    SamDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Umida Rashidova bayram bilan tabriklash uchun Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, ayni vaqtda mehnat faxriysi O‘raltosh Kattaqulovaning xonadoniga bordi.

    - Bugun men uchun eng quvonchli kun. Shogirdim kelganidan boshim osmonga yetdi, - deydi  O‘raltosh Kattakulova. - Ayniqsa, universitet rektorining tabrigi bir umr xotiramda qoladi. Bu fan arbobining oddiy o‘qituvchiga  bo‘lgan  hurmat-izzati , deb  bilaman. Barcha ustozlarga bayram muborak bo‘lsin!!!

    Samarqand davlat universiteti sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri, dotsent Fayzullo Nazarov ustozi, Urgut tumanidagi 39-maktab o‘qituvchisi Sayyora Mingboyevaga universitet rektori tabrigini topshirdi. Ko‘zlarida quvonch yoshlari qalqigan ustoz, shogirdining ortidan rahmat va tabrik eshitish uning uchun katta baxt va eng katta sovg‘a ekanligini bildirdi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.