Zumrad Orzuqulovaning “International scientific review” (AQSh), “Journal of critical review” (Malayziya) kabi Scopus ro‘yxatiga kirgan jurnallarda maqolalari chop etilgan. Uslubiy qo‘llanmasi, respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar materiallari to‘plamlarida 10 ga yaqin tezislari e’lon qilingan.

Zumrad Orzuqulova bugungi kunda “Transport-logistika xizmatlari sohasida mehnat samaradorligini oshirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Ilmiy rahbarlari Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Komil O‘rozov hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Yelena Yefimova.

O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yetakchi transport-logistika sohasi o‘zining qamrovi va samaradorligi bilan mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Qonunchilikda belgilab qo‘yilgan imtiyozlar asosida faoliyat ko‘rsatayotgan logistika markazlari muammo va to‘siqlarni ilmiy jihatdan asoslash va yechim taklif etishi muhim ahamiyatga ega.

Zumrad Orzuqulovaning dissertatsiyasi doirasida mazkur soha o‘rganilib, tahlil qilinmoqda. Jahon bankining Logistika Samaradorligi indeksi (LPI)ga ko‘ra O‘zbekistonning 2007-2018 yillar oralig‘ida indeksdagi tebranishlarning sabab va oqibatlari tahlil qilinmoqda.

Mamlakatimiz 2018 yilda 2.58 ko‘rsatkich bilan 99 o‘rinni egallagan. Bu O‘rta Osiyo respublikalari o‘rtasida unchalik yuqori ko‘rsatkich emas. Yetakchi mamlakatlar Germaniya, Singapur hamda sezilarli sakrash qilgan Kot-d’Ivuar, Vetnam kabi davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda.

Mazkur soha rivoji mamlakatimizning xalqaro savdodagi ulushi, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli koridorlar kengayishiga, dengiz yo‘liga chiqishning optimal imkoniyatlarini taqdim etadi.

Logistika-iqtisodiyotning umurtqa pog‘onasi, deb bejiz ta’rif berilmagan. Hozirda ilmiy ish doirasida transport-logistika xizmatlari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning darajasi, ularga qo‘yilayotgan talablar, logistik markazlar faoliyatida mehnat samaradorligini oshirish omillari o‘rganib chiqilmoqda. Mamlakatimiz yetarlicha mehnat resurslariga ega bo‘lib, ularni mazkur sohaga yo‘naltirish hamda mutaxassis sifatida samaradorligi yuqori kadrlarga aylantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Xalqaro tashkilotlar ham logistika sohasida malakali kadrarlar yetishmasligini ta’kidlayotgan bir vaqtda dissertatsiya mavzusining dolzarbligi yanada oshadi.

Zumrad Orzuqulova xalqaro IELETS sertifikati (6.5 B2 daraja) ga, xalqaro IELTS sertifikati (7.5 C1 daraja) ga ega. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” tanlovi sovrindori. O‘zbeksiton-Yaponiya o‘rtasidagi Sacura Science almashuv dasturi asosida Yaponiyada ilmiy safarda bo‘lgan.

-Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilm-fan va oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, cheksiz g‘amxo‘rlik tufayli bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdim,-deydi Zumrad Orzuqulova. -Bu boshlanishi, niyatlarim ko‘p. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga ham munosib sovg‘am bor. Samarqand davlat universiteti shon-shuhratini yanada yuksaltirish uchun juda ko‘p ishlashimiz zarur...

Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar