2021-yil 30-iyuldan Samarqand davlat universitetida alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Imtihonlarning shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida ushbu jarayonni imtihon.edu.uz sayti orqali jonli efirda kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, ushbu imtihonlarda Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilari ishtirok etmayapti. Bu ham imtihonlarning shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

-Samarqand davlat universitetiga kirish uchun ijodiy imtihonlar bir vaqtning to‘rt hududda tashkil etilgan, - deydi Samarqand davlat universiteti qabul komissiyasi mas’ul kotibi Noryigit Musulmonov. - Birinchisi, fizika-kimyo fakulteti binosida, ikkinchisi, universitetning Bo‘stonsaroy ko‘chasida joylashgan sport zalida, “Dinamo” stadionida, Spitamen shoh ko‘chasida joylashgan universitet binolarida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu manzillarning barchasiga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiya qilinmoqda. Shuningdek, shaffoflikni ta’minlash maqsadida, viloyat jamoatchiligidan iborat kuzatuvchilar jalb etilgan.

Dilshod Mamatov, Buxoro davlat universiteti dotsenti:

-Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tayotgan rang-tasvir yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihonlarni baholash bizga yuklatildi. Xolislikni ta’minlash maqsadida, ijodiy imtihonlarda Samarqand davlat universitetining birorta professor-o‘qituvchilari ishtirok etmaydi. Bu abiturientlarni shaffof baholashning eng samarali usulidir. Men bilan birgalikda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Andijon davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika institutidan ham professor-o‘qituvchilar ijodiy imtihonlarni baholamoqda.

Fariz Hojimamedov, abiturient:

-Men sport faoliyati (kurash) yo‘nalishi bo‘yicha kerakli normativlarni topshirmoqdaman. Xursand qilgan bir jihat, baholovchi hakamlarning barchasi boshqa oliy ta’lim dargohlaridan kelishgan. Albatta, bu tanish-bilishchilik, oldini oladi. Har xil shubha gumonlarga barham beradi. O‘qigan yoki kuchli odam o‘qishga bemalol kirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Dilnoza G‘afforova, abiturientning onasi:

-Samarqand davlat universitetiga o‘g‘lim hujjat topshirgan edi. Hozir u imtihonga kirib ketdi. Hayajon bilan kutyapman. Barcha imtihon qatnashchilariga omad tilayman. O‘g‘limda ijodiy imtihonlar adolatli bo‘lishiga ishonch bor. Barcha shart sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, kuzatuvchilar, imtihon oluvchilar barchasi, chetdan kelgan ekan.

Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universitetiga kirish uchun ijodiy imtihonlar davom etmoqda.

Otabek Sa’dullaev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan suratlar