SamDU va MARA Texnologiya universiteti hamkorlik aloqalari yuqori bosqichga ko’tarildi…

Samarqand davlat universitetiga Malayziyaning MARA Texnologiya universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDU Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Akmal Axatov qabul qildi.
Tashrifdan asosiy maqsad 2020-yil avgust oyida imzolangan hamkorlik to’g’risidagi memorandumni amaliy loyihalar bilan boyitishdir.
Shuningdek, professor-o’qituvchi va talabalar almashinuvini yo’lga qo’yish, SamDU bitiruvchilarini magistratura va doktorantura bosqichi bo’yicha Malayziyaga o’qishga yuborish masalalari muhokama etildi. SamDU tadqiqotchilariga MARA Texnologiya universitetining professor-o’qituvchilarini, shuningdek malayziyaliklarga samarqandlik olimlarni ilmiy rahbar sifatida tayinlash va onlayn darslar o’tishga kelishib olindi. Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda ilmiy maqolalar tayyorlash bo’yicha fikrlar almashildi.
- Samarqand tarixiy va maftunkor shahar. Delegatsiyamizning har bir a’zosida chuqur iz qoldirdi. Bu yerga kelishni orzu qilardim, - deydi MARA Texnologiya universiteti matematika fakulteti dekani, professor Haryani Haron. - Samarqand va Malayziya o’rtasidagi aloqalar sabab niyatimga erishdim. Ikkala universitetimiz hamkorligi yanada yuqori pog’onaga chiqishiga ishonaman…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati