Mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim tarixiy voqea – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Samarqand dunyo nigohida bo‘ldi.

    Sammitga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari mamlakatimiz rahbariyati va hukumatining doimiy e’tiborida bo‘ldi hamda faol qo‘llab-quvvatlandi. Bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida, sammit tadbirlari chog‘ida nafaqat samarqandliklar, balki vazirliklar, respublika korxona va tashkilotlari, yurtimizning barcha hududlaridan mutaxassislar, mas’ullar tunu kun fidoyilik ko‘rsatdi. Shuningdek, tadbirlarning tinch-osoyishta, xavfsizlik ta’minlangan holda o‘tishida tegishli sohalar xodimlari hushyor va sergak turdi. Mazkur jarayonda ishtirok etgan barchaga samarqandliklar nomidan chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz! 

    Shu bilar bir qatorda sammitga hozirlik ko‘rish va uni o‘tkazish davomida yuzaga kelgan ayrim noqulayliklarni to‘g‘ri tushunib, amalga oshirilgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari xalqimiz uchun ekanligini anglagan holda bizni qo‘llab-quvvatlagan, samarqandliklarga xos mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va samimiylik fazilatlarini namoyon etgan viloyatimiz ahliga yana bir bor rahmat aytib, yurtimiz, Samarqandimiz bundan ham obod bo‘lsin, yana katta-katta forum va anjumanlarni birgalikda o‘tkazish barchamizga nasib etsin, deymiz!

 

Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi