Samarqand davlat universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar davom etmoqda.
Imtihonlar imtihon.edu.uz sayti orqali jonli translasiya qilinmoqda. Ushbu translasiya uchun Samarqand davlat universitetida 62 kamera ajratilgan bo‘lib, shundan 32 tasi ovozli kameralardir.
Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan sport faoliyati (kurash) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlar ikki bosqichda olib borilmoqda.
Birinchi bosqichda abituriyentlarning egiluvchanligi, kurash haqidagi amaliy ko‘nikmalari, turli xil usullarni bajara olishi hisobga olinayotgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda uning jismoniy tayyorgarligi, yugurish, turnik mashqlaridan sinovlar olinmoqda.
Nuriddin Chorshanbiyev, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘qituvchisi:
-Sport faoliyati (kurash) yo‘nalishi yangi ochilgan bo‘lib, unga abituriyentlar ikki bosqichda imtihon topshiradi. Biz ushbu imtihonlarni olish uchun Samarqand davlat universitetiga keldik. Hozirda imtihonlarning barchasi shaffof, ochiqlik asosida o‘tkazilmoqda. Onlayn translasiya bilan birga, ommaviy axborot vositalarida har kuni yoritilishi ham uning xolis tarzda o‘tkazilayotganligining yorqin isbotidir.
Muharram Nabiyeva, abituriyentning onasi:
-Hozirgina o‘g‘lim ijodiy imtihon topshirib chiqdi. Uning aytishicha, imtihon ochiq, hech qanday ortiqcha harakatlarsiz, shaffof bo‘lib o‘tmoqda. U olgan bahosidan rozi. Imtihonni men ham onlayn kuzatib bordim.

Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan suratlar