Men seni izlayman daraxtlar qolib, Yashil maysalarning shudringlaridan…

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Shahrizod Shodiyev o‘zining bir qancha she’rlari bilan jamoatchilik e’tiboriga tushib kelmoqda.
Shahrizodning she’rlari samimiyligi, xalqchilligi tufayli kishini o‘ziga mahliyo etadi. Undagi jo‘shqinlik, she’r ruhiyati ham sizga ta’sir etadi. Go‘yo qahramonni yonida, o‘zingizni kuzatuvchi deb his qilasiz.
Quyida uning she’rlaridan ayrim namunalarni o‘qib, ma’naviy ozuqa olishingiz mumkin.
***
MEN SENI...
Men seni izlayman daraxtlar qolib,
Yashil maysalarning shudringlaridan.
Men seni izlayman tongda uyg‘onib,
Tushlarimni so‘rab kipriklarimdan.
Sen juda go‘zalsan, ko‘kdagi oyyuz,
Mag‘rursan. Sen tomon bosmasman qadam.
Seni izlab topsam, boqarman ma’yus,
Seni ko‘rolmagay o‘zga bir odam.
Seni izlayapman, qaerdan topay,
Intilib yashaymi oyga cho‘zib qo‘l,
Mudroq qalbimni men qanday uyg‘otay?
Sog‘inib, o‘rtanib, xor bo‘ldi butkul.
Men seni izlayman, esgan shamolga
Tushunmas dardlarim so‘ylayverib jim.
Meni unutgan deb borma xayolga,
Meni sendan boshqa eslar yana kim!?
Men seni izlayman...
***
O‘zingniki bo‘lsin chaynagan noning,
Ko‘z ochib ko‘rgan-u, yutgan haloling.
Gohi shom goh sahar vulqondek go‘yo,
Otilgan fikrlar chiqqan vijdoning.
O‘zingniki bo‘lsin neki ko‘rar ko‘z,
Haq degan - xalq degan bolang so‘rar so‘z.
Itlar chaynayotgan etga suq solma,
Mudom sher nasliga arslonlar ulus.
***
ERKSIZLIK
Na’ra tortma, qo‘y, akkillab,
Jonqulog‘ing yeyishar.
Jim yotganing ko‘rishsa bas,
Suyak g‘ajir, deyishar.
Sendan uzoq tutar o‘zin
sen o‘zingni yiroq tut!
Zamonangda zaminingni
moldek toptab kelishar.
Qo‘y arslonim, na’ra tortma,
qo‘yxonada ne zarur?
Erking - o‘rmon, erking o‘rmoningda seni axtarur.
***
Qor qo‘ynida daraxtlar Bilqis,
Nafasini yutadi ko‘klam.
Ko‘klam, meni qaydadir bir qiz,
Sening kabi kutar qorda xam.
Ulgurishim kerak bahorday...
Zilola suv, pokiza singlim,
Qay toshlarga urasan boshing.
Sening kabi ozurda ko‘nglim,
To‘kmoqqa joy izlar ko‘zyoshin
Ulgurishim kerak bulutday.
Huv, yaltiroq qo‘ng‘izim, oshnam,
Bolalikni ketding yetaklab,
Qaytarim bor yetmishdan oshsam,
Pechak gulni etak-etaklab,
Ulgurishim kerak yillarday...
Oq osmondan tomchilar saboh,
Bulut bilan yuvar hayosin.
Vujudimni topadi, bir kun
Chin do‘st kiyib harir libosin.
Ulgurishim kerak saboday...

Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

