Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga start berildi. Samarqand davlat universitetida o‘quv yili tantanali ravishda, ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
Yangi o‘quv yili ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Ahmadjon Soliyev nutq so‘zlab, barcha yoshlarni talabalik baxtiga muyassar bo‘lgani bilan mubarakbod etdi. Ularga yangi o‘quv yilida yangi marralar, natijalarga erishini tilab, o‘quv yilini rasman ochdi.
Tadbirda so‘z olganlar, yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida qabul kvotalarning oshganligi, alohida imtiyozlarning joriy etilganligi, ta’lim sifatida bo‘alyotgan o‘zgarishlar haqida alohida ta’kidladi.
Marjona Narzullayeva, Samarqand davlat universiteti 1 bosqich talabasi:
- Samarqand davlat universiteti tarix fakultetiga davlat granti asosida qabul qilindim. Talabalik baxtiga muyassar bo‘lganimdan juda ham hayajondaman. Hozir buni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Men kelajagimni Samarqand davlat universiteti bilan bog‘laganimdan faxrlanaman.
Umida Hasanova, Samarqand davlat universiteti 1 bosqich talabasi:
- Samarqand davlat universitetiga ikkinchi yil hujjat topshirib, xotin-qizlarga ajratilgan kvota asosida davlat granti bilan talaba bo‘ldim. Prezidentimiz tashabbusi bilan ajratilgan ushbu kvota menga o‘xshagan talaba bo‘lish orzusidagilar uchun katta imkoniyatdir. Yoshlarimizga shunday imkoniyatlar yaratib berilayotgan ekan, biz shijoat bilan, katta tashabbuslar bilan oldinga harakat qilmog‘imiz, yaxshi o‘qishimiz darkor.

Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.