Qadimgi nomi - Kesh bilan ko‘prok mashhur bo‘lgan Shahrisabz arxeologik qazishmalarda aniqlanishicha, musulmon o‘rta asrlaridan avval vujudga kelgan, so‘ngra necha bor yuksalib, necha bor zavol topgan. Ushbu shahar Amir Temur oilasiga otameros bo‘lgan. Bu yerning Shahrisabz deb atalishi bejiz emas: shahar, haqiqatan, yam-yashil, sersuv, bahavo jannatmakon yerda joylashgan. Ilgari uning nomi Kesh (Kash) bo‘lgan. Islomiyat davrida ilmlar markazi sifatida «Qubbatul-ilm va-l-adab», ya’ni «Ilm va adab gumbazi» degan sharafli maqom bilan mashhur bo‘lgan. Sohibqiron Amir Temurning kindik qoni to‘kilgan makonga kelgan Ispaniya elchilari (1404-yil, avgust oyi) uni «katta shahar» sifatida ta’riflaydilar. Qal’a devorlari, burj-u darvozalari Amir Temurning amri bilan va shaxsan uning rahbarligida qurilgan. Devorning uzunligi taxminan, 5 kilometr bo‘lib, tardi 770 x 1730 metr masofadagi to‘g‘ri to‘rtburchak qal’a edi: har tarafida qo‘shminora, peshtoqli darvozaxona orqali ichkariga kirish mumkin bo‘lgan. Ispaniyalik elchilar Amir Temurning bunyodkorlik faoliyati bilan bog‘lik imoratlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirishgan. O‘sha vaqt imoratlari bizgacha dastlabki qiyofasini qisman yo‘qotgan va vayron holda yetib kelgan, ba’zilari butunlay buzilib ketgan. Shuning uchun ham ularni o‘z kuzi bilan ko‘rgan Klavixoning voqeiy ma’lumotlari hozirgi me’morlik tarixi va amaliyoti uchun alohida qimmatga ega.

    Shahrisabzda bunyod etilgan me’moriy obidalalar ichida Oqsaroy alohida ahamiyat kasb etadi. Oqsaroy bunyod etilishi to‘g‘risida tarixiy manbalarda o‘ziga hos ma’lumotlar uchraydi. Xofizi Abru «Geografiya» asarida berilgan ma’lumotlariga ko‘ra, qal’a devori qurilishi hijriy 780 (milodiy 1378) yili boshlangan va bir yilda tugagan. Tug‘ri to‘rtburchak shakldagi devorning to‘rt tomonida darvozasi bo‘lgan. Xofiz Abru o‘z asarida shunday yozadi:

    “Uni “Shahrisabz” deydilar, yilning aksari faslida uning yeri ko‘m-ko‘k (maysazordir), ayniqsa bahor faslida, uning hovli, tom va ko‘chalari yam-yashil bo‘ladi. Keshning qadimiy shahrbandi bo‘lgan, lekin u buzilib ketgan edi. Hazrat Amir Sohibqiron, - Alloh uning shuxratini yorqin etsin, — yetti yuz saksoninchi (1378— 1379) yili uning shahrbandini qayta tikladi va o‘sha yilning o‘zidayoq nihoyasiga yetkazdi. Oradan uch yil o‘tib Hirot shahrini egallaganda, Hirotning shahrbandini buzdirdi va uning ustiga temir qoplangan darvozalarni Movarounnahrga jo‘natdi, ularni Kesh shahrining darvozalari o‘rniga qo‘ndirdilar. Sohibqiron (Amir Temur) davlati ayyomiyda (Kesh shahri) juda obod bo‘ldi, u yerda toshdan binolar qurdilar. Shu jumladan, Dor-us-Saodat, muhtasham bino; unga obod yerlar, qishloqlar va ma’mur mulklarni vaqf qildi. Shaxsan onhazratning o‘zi uchun baland ko‘shk qurdilar va u Oqsaroy deb ataladi, toshdan qurilgan imoratdir; uning ayvoni bir necha farsang (masofadan) ko‘zga tashlanadn. Bulardan tashqari, shaharda va Kesh shahriga qarashli atroflarida bir qismi onhazratning o‘ziga, ba’zilari amirlar va arkoni davlatga tegishli bo‘lgan madrasalar, xonaqohlar, rabotlar, hovuzlar ham bunyod etilgan».

    Yana bir ma’lumotga qaraganda, Amir Temur Hirotni olganida shaharning temir qoplangan darvozalari Shahrisabzga keltirib o‘rnatilgan. Darvozalardan boshlangan ikkita asosiy yo‘l markazda kesishgan. Yo‘l yoqasida joylashgan do‘konlar markazga tomon ko‘payib borgan va markazda asosiy bozor bo‘lgan. Bozor o‘rtasida gumbazli Chorsu bo‘lgani ehtimol, hozirgacha saqlanib qolgan Chorsu esa ancha keyinroq qurilgan va markazdan chetroqda joylashgan. Hisorning janubiy-g‘arbda Amir Temurning hukumat saroyi bo‘lgan Oqsaroy bunyod etilib, uning qarshisida esa aslzodalar va ruhoniylarning mahallalari joylashgan. Shaharning janubi-g‘arbiy qismi hunarmandlar va shahar fuqarolarining mahallalaridan iborat edi. Hisor atrofidagi rabotlar esa kanallar bo‘ylab yastangan bog‘-rog‘lar, uzumzorlarga tutashib ketgan, ko‘zlarni quvnatuvchi bu yam-yashillik esa Keshning ikkinchi - Shahrisabz nomi behuda berilmaganini ko‘rsatadi. Nizomiddin Shomiy  “Zafarnoma”sida “Oqsaroy” qurilishini qo‘yidagicha ma’lumotlar uchraydi:

    “Janobi Saroy Mulk xonim, og‘olar va amirzod Shohrux (amir Sohibqironningkenja o‘g‘li) istiqboliga chiqib  palos o‘pish sharafiga yetdilar va bir-birlarining  diydorlarini ko‘rib shodmon bo‘ldilar. (Onhazrat) bir necha kun Kesh viloyatida Oqsaroyda turdi, to‘ylar qildilar, shodlik va xursandchilik bilan kun o‘tkazdilar. Koshin qoplamalarda tasviriy mavzu nihoyatda kam uchraydi. Temurning Shaxrisabzdagi saroyi Oqsaroy peshtoqlarida sher bilan kuyoshning juft tasvirlari uchraydiki, bu sof ramziy mavzudir. Peshtoq bezaklarida koshin terishdan tashqari tosh, odatda marmar uymakorligidan ham foydalanilgan”.

    Sharofiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma”sida shunday yozadi:

    “Erta bahor fasli edi.  O‘z quvvati bilan (tabiatni) gullatib yashnatuvchi, me’mor va maysazorlar shahrini obod qilishga kirishgan, atirgul butalaridan qasrlar yaratib, la’lgun shoxchalar uchini baland ko‘targan va ularni feruza rang naqshli barglar bilan bezagan bir vaqtda... oliy hazrat Sohibqiron... gullaridan mushku anbar bo‘yi taraluvchi, suvidan gulob ta’mi keluvchi Keshning xushhavo va rom etguvchi zaminida shodlik nash’asini surib, orom olmoq azmi bilan bu yerda saltanat taxtini o‘rnattirdi. So‘ng Shahrisabz qo‘rg‘onini qurish haqida farmon berdi va (ishlarni) amirlar-u lashkar ahli o‘rtasida taqsimladi. ...Qo‘rg‘on qurilishi uchun munosib keluvchi saodatli soatda uning poydevorini qurdilar. Shahar ichida esa qazoyu qadardek bajarilishi so‘zsiz bo‘lgan farmonga binoan bir qasr bunyodiga asos soldilar. Sichen (qadimgi turkchada maymun) yilida, torix yetti yuz seksan birida (milodiy 1380 yil, mart) ul shaharg‘a qal’a soldurdi va jahdlab tamom qildurdi. Va andoq shahri bo‘ldikim, gardun Muhandisi muncha yoshi bilan olami kezib, hech  bir yerda mundoq shahar va ko‘shk ko‘rmagan turur”.

    Imorat shu qadar baland va favqulodda jozibali ediki... hatto keksa muhandis bo‘lmish gardun shuncha yillar jahon atrofida aylangan bo‘lishiga qaramay, bunday go‘zal binoni hali ko‘rmagan edi.  Yerdan samoga bosh ko‘targan (bu saroyning)  nomi sharifi «Oqsaroy», deb ataldi. Me’moriy mo‘jiza hisoblangan muhtasham Oqsaroy majmui qurilishi 1380 yilda boshlangan bo‘lsa, 1404 yil kuzida ham bu afsonavor va beqiyos saroyda pardoz ishlari davom etar edi. Ta’rifi tillarda doston bo‘lgan Oqsaroy binolari zamonlar o‘tishi bilan buzilib ketgan. Shuning uchun Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo sinchkovlik bilan yozib qoldirgan taassurotlar me’morlik tarixi uchun o‘ziga xos ahamiyat kasb etgan guvoh - xujjat bo‘lib qolmokda:

    «Saroyga kirish joyi juda uzun va harvozasi juda baland, shu yerning o‘zida, kiraverishdagi o‘ng va chap tomonlarda koshinkor bezatilgan g‘ishtin ravoqlar joylashgan. Bu ravoqlar ichida eshiksiz kichik xonalar, koshinkor sahnli supalar bor. Darvozadan o‘tganda boshqasi ko‘zga tashlanadi, uning ortida esa oq toshtaxtalar to‘shalgan katta hovli, atrofi hashamatli bezatilgan ayvonlar bilan qurshalgan, hovli o‘rtasida katta hovuz bor. Xovlining kengligi chamasi uch yuz qadam».

    Peshtokdan o‘tgach, tug‘ri to‘rtburchak keng hovlining bosh uchida ikki toqi ravoqli ayvon bo‘lgan. Gumbazli katta xonalarda ko‘rinishxona, devonxona xizmatchilarining yig‘inlari o‘tkazilgan. Peshtoq-ayvonlar orasida uncha katta bo‘lmagan qo‘shqavat xujralar qatori bo‘lgan. Sohibqiron saroyida ko‘rinishxona asosiy o‘rinni egallab, dabdabali, serhasham ko‘rinishi bilan ajralib turardi. Ko‘rkam, mahobatli peshtoq tepasida Amir Temurning uch xalqadan iborat tug‘rosi Arslon va Quyosh shakllarida berilgan.

    Elchi saroy ichkarisidagi zeb-u ziynatli bezaklar  haqida hayrat bilan yozadi: «Bu eshik orqali chorsu ko‘rinishxonaga kiramiz: devorlari oltin va lojuvard koshinlar bilan bezatilgan, shifti butunlay zarhallangan. Bu yerdan elchilar yuqori qavatga olib chiqilgan. Honaqohning hamma tarafi zarxal bo‘lgani uchun, ularning biri hakida mufassal so‘zlab berish kifoya».

    Oqsaroyning o‘tmishdagi beqiyos ulug‘vorligi dalili sifatida bosh peshtoqning ikki rukni vayronalari hozirgacha saqlanib qolgan. 22 metr kenglikdagi  peshtoq  ravoqi, ikki tomondan  minorasimon  burjlar va daxanasi bilan diqqatni jalb etadi. Peshtoqning tepa qismi saqlanmagan. Xuddi shu yerda uch doira — Quyosh va Arslon tasviri bilan koshinkor bezaklar nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

    Peshtoqning mahobatiga maxliyo bo‘lgan Zahiriddin Bobur «Muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro toqidin bu buyukroqdir», - degan edi. Chindan ham, Markaziy Osiyo me’morchiligida bunday buyuk bino bo‘lmagan. Oqsaroy Markaziy Osiyo  me’morchiligida  xalq me’morlari ijodining eng yuksak  cho‘qqisi sifatida so‘nmas iste’dod va me’moriy  izlanishlar  namunasi  bo‘lib  qoladi.

    Turar joylar me’morchiligiga oid tasvirlarda boy xonadonlar uyi erkaklar va ayollar qismiga bo‘lingani kurinib turibdi. Saroylar tasviri esa qurilish ko‘lami va bezaklarning xashamdorligi bilan ajralib turadi. Saroylar shunchaki hukmron xonadon a’zolari yoki oliynasab zotlar yashaydigan joygina emas, balki ulug‘vor qabul marosimlari o‘tkaziladigan joy ham bo‘lgan. O‘zining hashamatiyu dabdabasi bilan hukmdorning mavqeini aks ettirgan. Bularning bari esa me’morlar oldiga hatto boy-badavlat xonadonlar uchun bo‘lsa ham, har qalay, oddiy uy-joy qurishga nisbatan mutlaqo boshqacha vazifalar qo‘yardi.

    Saroylar ham ikki xil bo‘lgan. Birinchisi - asosan ma’muriy-siyosiy vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan bo‘lib, qal’a yoki devor ichiga qurilgan. Ikkinchisi - shahar tashqarisidagi qarorgohlar bo‘lib, bog‘-rog‘lar bag‘rida edi. Bu yerda ham qabul marosimlari bazm bilan o‘tgan, lekin ko‘pincha oddiy bazm-majlislar o‘tkazilib, xukmdor davlat yumushlaridan bo‘sh vaqtlarida xordiq chiqargan, tiriklik quvonchlaridan bahra olgan.

    Birinchi xil saroyni Temur Shahrisabzda qurdirdi va u Oqsaroy nomi bilan shuhrat topdi.Uning rasmiy vazifasi tug‘risida tarixiy manbalarda qisqacha ta’riflab, Temurbek Keshda ulug‘vor bino qurdi, devonining majlislari uchun ulkan peshtoq, devon tojibeklari bilan devon beklarning majlisi uchun o‘ng va so‘l tomonlarda ikkita kichik peshtoq barpo qildi, arzga keluvchilar uchun binoning bir tomonida kichikroq tokchalar qoldirdi deb yozadi. Xalq o‘rtasida Oqsaroyning kurilish tarixiga oid afsonalar yaratildi. Shulardan birida peshtoq gumbazini qurgan me’mor tug‘risida xikoya qilinadi. Temur uni shoshirib turganiga qaramay, usta bir kuni peshtoqaa uzun zanjirni osiltirib qo‘yganicha g‘oyib buldi. Temur g‘azablanib ketgan, ammo qidirtirib ustani topa olmagan, boshqa ustalar esa bu murakkab vazifani bo‘yinlariga olishga jur’at qilolmaganlar. Shu alfozda ikki yil o‘tgan va to‘satdan ustaning o‘zi darg‘azab  Temur huzurida paydo bulib, shunday degan: "Qarang, olampanox: men ketganimda zanjirning uchi boshimga tegib turardi, endi esa yelkamdan ham pastga tushibdi. Demak peshtok poydevori cho‘kkan va endi men gumbazni tiklay olaman, aks xolda u yorilgan va keyin buzilib ketgan bo‘lardi". Temur g‘azabini marhamatga almashtirgan, qurilish poyoniga yetib, usta mukofotlangan. Shuni ta’kidlash kerakki, bu afsona va bunda hech bir tarixiy asos yo‘q, ya’ni biror bir o‘sha davrdagi asarda bu voqea to‘g‘risida ma’lumot uchramaydi.

    Vaqt o‘tishi bilan saroyning peshtoq poydevoridan boshqa qismlari vayron kilingan. Ayrim asarlarda XVI asrda Buxoro hukmdori Abdullaxon II Temurning ishlarini xalq xotirasidan o‘chirib tashlash maqsadida saroyni buzishga farmon berishi to‘g‘risida faktlar uchraydi. Bizningcha, bu qarashlarda ham noaniqlik mavjud. Fikrimizcha Abdullaxon II Amir Temurning amalga oshirgan ishlarni xalq xotirasidan o‘chirib tashlash uchun emas, balki o‘zi tushib qolgan vaziyatga boshqa hech kim tushib qolishini istamaganligi uchun bu ishni qilgan bo‘lsa kerak. Chunki Oqsaroy juda go‘zal bo‘lib, go‘zallikka oshno bo‘lgan Abdullaxonning dushmanga asir tushishiga bir bahya qoladi. Biroq shu faktki, Oqsaroyning ikki qismini tutashtirib turgan qismi buzilib ketgan. Keyingi vaqtlarda peshtoqning orqa tomonida o‘tkazilgan qazishmalarda devor bezaklarining koldiqlari, xovlining g‘isht terilgan va oltin baliqchalar uchun sakkiz qirrali mu’jazgina xovuzi bulgan bir qismi ochildi.

    Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Shahrisabz (Kesh) shahri nafaqat O‘rta Osiyo balki, insoniyat tamaddunida alohida o‘rin tutadigan qadimiy va navqiron shahardir. Bu shaharning tarixiy taraqqiyotida Amir Temur va Temuriylar davri o‘ziga xos o‘rin egallaydi.

 

Hazratqul Abruyev,

Samarqand davlat universiteti doktoranti.