Samarqand davlat universitetiga Xalqaro rus tili o‘qituvchilari uyushmasi (МАПРЯЛ) bosh kotibi Natalya Brunova va devonxona direktori Aleksandr Korotyshev tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Akmal Axatov qabul qildi.

    Tashrifdan asosiy maqsad Samarqand davlat universiteti bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rus tili ta’lim sifatini yaxshilashdir.

    - Xalqaro rus tili o‘qituvchilari uyushmasi,  nodavlat jamoat birlashmasi sifatida rus tili va adabiyotini ommalashtirish, saqlash va o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bu tashkilot 1967-yilda Parijda tashkil etilgan, - deydi Aleksandr Korotyshev. - Dunyoning 70 mamlakatidan 200 dan ortiq yetakchi filologlar, rus tilshunoslari, adabiyotshunoslar, madaniyatshunoslar ushbu tashkilotga a’zo. Hozirgi kunda uyushmaning ta’sischilari Moskva davlat universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti va A.S. Pushkin nomidagi rus tili davlat institutlaridir.   2019-yildan beri uyushmaning raisi Vladimir Ilich Tolstoy. Bosh qarorgohi Sankt-Peterburgda joylashgan. Xalqaro rus tili o‘qituvchilari uyushmasi  muntazam ravishda forumlar, konferensiyalar, seminarlar, tanlovlar, olimpiada, festivallar, shuningdek, lingvistik tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda. Assotsatsiyaning asosiy hamkorlari Rossiya Tashqi ishlar, Ta’lim va fan vazirliklari, Rossiya ta’lim akademiyasi, “Gazprom” OAJ, “Russkiy mir” jamg‘armalari hisoblanadi. Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Ya’ni tashkilotimizning grant, loyiha, ilmiy tadqiqotlarimizda ishtirok etishni taklif qildik. Qolaversa, Rossiyadagi oliy ta’limlarda tahsil olmoqchi bo‘lgan abituriyentlar uchun rus tilini o‘rgatishga ko‘maklashamiz…

Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.