Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida olib borilayotgan yangilanishlardan xabardormisiz?

Samarqand davlat universiteti va Buxoro davlat universiteti o'rtasida o'quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy, hamda ilmiy tadqiqot ishlari bo'yicha hamkorlik yo'lga qo'yilgan. 2021-2022 o'quv yilida universitetimizning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetida Buxoro davlat universiteti biologiya fanlari doktori, professor Hafiza Ortiqova Dehqonchilik va melioratsiya fanidan dars o'tishni boshladi.
Qishloq xo'jaligi fanlari orasida Dehqonchilik va melioratsiya fani yetakchi yo'nalishlaridan biri bo'lib, u tabiiy va ilmiy fanlarni amaliy agronomiya bilan bog’laydi. Dehqonchilik va melioratsiya fani tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, dehqonchilik qilinadigan yerlardan oqilona foydalanish, ekinlarni sug'orish rejimi, tuproqlarning sho'rlanishi, sho'r yuvish ishlari rejasini tuzish usullarini o'rgatadi.
- Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilayotganligimiz ikki taraflama foydalidir, - deydi Hafiza Ortiqova. – Oliy o'quv yurti bilan yaqindan tanishman, barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda dars o'tgan ilk kunimdayoq, talabalar menda yaxshi taassurot qoldirdi. O'qishga, hayotga bo'lgan qiziqishlari kuchli. Bu sohaning yetuk mutaxassisi bo'lib yetishishi uchun ko'proq laboratoriya bilan ishlash kerak. Samarqandda dehqonchilik qilish uchun unumdor yerlar yuqori natija beradi. Talabalar bilan birgalikda Buxoro va Samarqand tajribalarini almashib o'rganishni maqsad qilganman. O'ylanmaki, bu hamkorligimiz o'z samarasini beradi.
- Ilg‘or biotexnologik yutuqlarni joriy etish orqali zamonaviy agrar ta’lim tizimini shakllantirish va yangi avlod agromutaxassislar tayyorlashni mas’uliyatli vazifa deb bilamiz, - deydi SamDU agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani, dotsent, Toshpo'lat Rajabov. – Bu borada bir qator xorijiy oliy ta’lim muassalari va tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yganmiz. Hozirda malakali professor-o'qituvchilar bilan laboratoriya-tajriba almashinuvlarini olib bormoqdamiz.







Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar

