Universitetimiz Sharof Rashidov nomi bilan ataladi...

Samarqand davlat universitetida davlat va jamoat arbobi, taniqli adib Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi. Unda Sharof Rashidovning qizi Gulnora Rashidova, nevaralari Iskandar Mo‘minov, Doniyor Komilov hamda Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi ishtirok etdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov ochib, Sharof Rashidovning davlat va jamoat arbobi sifatida olib borgan faoliyati haqida fikr bildirdi.
– Bugun Samarqand davlat universitetida Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi Rustam Xolmurodov. - Sharof Rashidov muzeyini barpo qilish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Filolog olimlarimiz Sharof Rashidovning ko‘p tomliklarini nashrga tayyorlash va chop etish tashabbusini ilgari surishmoqda. Shu bilan birga Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni bo‘yicha alohida tadqiqot olib borish rejalashtirilgan. Gumanitar fakultetlar talabalari uchun Sharof Rashidov nomidagi stipendiya tashkil etish yuzasidan takliflar bildirilmoqda. Sharof Rashidov nomining eng qadimiy, eng salohiyatli, eng ulug‘vor, Ulug‘bek madrasasining vorisi, olti asrdan buyon butun jahonga ilm-maʼrifat taratayotgan dargohga berilishi, bu juda katta tarixiy voqeadir.
Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan kecha taniqli arbobning zamondoshlari, farzandlari va avlodlarining Sharof Rashidov haqidagi xotiralari bilan samimiy va ochiq ruhda o‘tdi.
Respublikamizni juda og‘ir va murakkab yillarda boshqargan, el-yurtimiz shaʼni, Vatanimiz nufuzi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov faoliyatini xalqimiz tarixidan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Sharof Rashidov ta’lim olgan va nomi berilgan Samarqand davlat universiteti maydonida Sharof Rashidov yodi abadiy bo‘lishi shart. Bu borada yosh avlodni uning faoliyati va asarlaridan xabardor bo‘lishi muhim masala hisoblanadi. Tadbir doirasida ushbu vazifani amalga oshirishning o‘ziga xos ko‘rinishi bo‘lgan “Sharof Rashidov va uning faoliyati jamoaviy xotirasining vizual hujjatli bazasi interaktiv xaritasi” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
– Sharof Rashidov hayoti va faoliyati shonli tarix sahifalarida muhrlanishga daxldor yo‘ldir, - deydi Gulnora Rashidova. - “Sharof Rashidovning faoliyati jamoaviy xotirasining vizual hujjatli bazasi interaktiv xaritasi” loyihasi Sharof Rashidovning davlat arbobi va ijodkorlik faoliyati bilan bog‘liq manba va maʼlumotlardan iborat virtual muzey tashkil etishga asoslangan. Mazkur loyiha davlat arbobining hayoti bilan bog‘liq muhim maʼlumotlar hamda jamiyatdagi faoliyatining u yoki bu ko‘rinishlari aks etgan 110 mingdan ortiq suratlarni o‘zida jamlagan fotoarxiv tashkil etishni ko‘zda tutadi. Bu kabi saʼy-harakatlar Sharof Rashidov ijodi va faoliyatini yosh avlodga o‘rgatishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.
Tadbirning yakuniy qismida Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan “Sharof Rashidovning davlat va jamiyat faoliyati jamoaviy xotirasining O‘zbekiston Respublikasi interaktiv xaritasi” apparat-dasturiy majmuasini xayriya qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.