Repetitorga bormasdan IELTS dan 7.5 ball olish mumkinmi?

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) yo‘nalishi 311 guruhining 11 nafar talabasi chet tili sertifikatlariga ega bo‘ldi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) yo‘nalishi 311 guruhining 11 nafar talabasi chet tilidan xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Quvonarli tomoni shundaki, talabalar ushbu sertifikatlarga repetitorda o‘qib emas, fan o‘qituvchisining dars jarayonida bergan bilimlari orqali erishdi.
- Talabalarni ingliz tiliga qiziqtirishning eng birinchi yo‘li bu yoshlarga motivatsiya berishdir, - deydi SamDU ingliz tili kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shahnoza Xushmurodova. – Ushbu guruh talabalarining eng katta yutug‘i jamoa bo‘lib, birgalikda ishlaganlari bo‘ldi. Darsimizni doimo sertifikatlarning bizga beradigan imkoniyatlaridan boshlar edik. Xususan, xalqaro yoki milliy sertifikat olish hozir yoshlarga ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochadi. Birinchisi magistratura bosqichiga kirish bo‘lsa, ikkinchisi xorijning nufuzli universitetlarida o‘z bilimini yanada oshirishdir. Ayniqsa, talaba-qizlarimiz hozir magistraturada grant asosida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lgani meni juda ham quvontirdi. Ushbu sertifikatlarga ega bo‘lishlarining yana bir sababi shundaki, men ularga yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini aytib berishim bilan uni tuzatishga harakat qilishar edi. Ikkinchi smena darslar tugagandan keyin ham sinfxona oldidan o‘tsangiz ular doim bir-biri bilan Speaking, Listening, Writing, Reading ko‘nikmalarini oshirish ustida ishlayotgan bo‘lardi. Natijalarimiz yomon emas. Talabalar CEFR dan B2 va IELTS dan o’rtacha 6.5 ball olishdi.
- Ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishim 5 sinfligimdan boshlangan, - deydi SamDU talabasi Olimjon Saidqulov. - O‘sha vaqtda “Yoshlar” telekanalida UZEX degan ko‘rsatuv bo‘lar edi. O‘sha ko‘rsatuvdan ingliz tilini eshitib, bu qaysi til ekan, degan qarash menda ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishimni orttirgan. Men hozirgi vaqtgacha birorta repetitorga bormaganman. O‘zim mustaqil ingliz tilini o‘rganishga kirishganman. Universitetga o‘qishga kirganimizdan so‘ng esa o‘qituvchimiz Shahnoza Xushmurodova bizga bu borada o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini o‘rgata boshladilar. U kishi darslarni nihoyatda jon kuydirib o‘tar edilarki, bunda o‘qimaslikning iloji yo‘q edi. Ustozning ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlari va kamtarona mehnatlarimiz tufayli IELTS dan 7.5 ball olishga muvaffaq bo‘ldim. Til o‘rganishda mening bir narsaga ishonchim komil bo‘ldiki, doimo harakatda va izlanishda bo‘lish kerak ekan. Muhimi hech qachon to‘xtab qolmaslikda. Qolganini vaqtning o‘zi ko‘rsatadi.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.